Virtual qabulxona

“Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni imzolandi

Asosiy yangiliklar 1 008 marta körilgan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.

Farmonning asosiy maqsadlari davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat organlarida inson resurslari bilan ishlash tizimini takomillashtirish hisoblanadi.

Hujjatda davlat xizmatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo’yicha bir qator vazifalar belgilandi.

▫️2026-yil 1-yanvardan boshlab "Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi.

Bunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning o‘rinbosarlari har besh yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi;

▫️Davlat organlarida xodimlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish tizimi joriy etiladi.

Unga ko’ra quyidagilar diagnostikadan o’tkaziladi:

2026-yil 1-yanvardan boshlab korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining rahbarlari va mas’ul xodimlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;

2026-yil 1-iyundan boshlab sohalar nazoratiga mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "yuqori" va "o‘rta" bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar;

2027-yil 1-yanvardan boshlab boshqa davlat organlarida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "yuqori" va "o‘rta" bo‘lgan funksiyalar yuklatilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar va ushbu lavozimlarga nomzodlar;

Diagnostika Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasiga muvofiq Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Diagnostika natijasiga ko‘ra xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi "past" deb baholanishi mazkur lavozimda mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishiga monelik qiluvchi holat hisoblanadi hamda xodim korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi "past" bo‘lgan boshqa lavozimga majburiy ravishda rotatsiya qilinadi.

▫️Hujjatga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mavjud shtat birliklari doirasida davlat xizmatchilari axloq qoidalariga zid xatti-harakatlar qilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vazifasini bajaradigan odob-axloq komissiyalari bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma tashkil etiladi.

▫️Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati “Normativ-huquqiy hujjatlar bilan joriy etilgan hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan e’lon qilinishi belgilangan (ochiq) reytinglar natijalari to‘g‘risidagi ma’lumot” bilan to’ldirilmoqda va 43 taga yetkazilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar