Davlat xaridlari sohasidagi islohotlarning natijalari taqdimot qilindi
Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov “O‘zbekiston davlat va korporativ xaridlari Forumi”da ishtirok etdi.
Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda xarid jarayonlarini raqamlashtirish, sunʼiy intellektni qo‘llash, shaffoflikni ta'minlash, biznes va davlat sektori o‘rtasida ochiq va samarali hamkorlikka oid dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

Agentlik direktori o‘z maʼruzasida davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olishga oid o‘zgarishlar, shuningdek, joriy etilayotgan yangi mexanizm va yondashuvlar, ularning samarasi haqida maʼlumot berdi.
Forum doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjat davlat xaridlari jarayonida shaffoflikni taʼminlash, halol raqobatni kuchaytirish hamda korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashishni takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli hamkorlikni nazarda tutadi.
Jumladan:
— davlat xaridlari sohasida qonunchilik talablari buzilishining oldini olish;
— xarid jarayonlarining shaffofligi va xolisligini oshirish;
— korrupsiyaviy xavf-xatarlarga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish;
— davlat xaridlari sohasi ishtirokchilarining huquqiy va kasbiy savodxonligini oshirish orqali ochiq, shaffof va halol davlat xaridlari tizimini rivojlantirishga ko‘maklashish Tomonlarning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Forumda Akmal Burxanov o'tgan davr mobaynida davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan islohotlarning ayrim natijalariga to'xtalib o'tdi:
Davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 2021-yildagi 440,1 mingtadan 2025-yil yakuniga 623,6 mingtaga yoki 51 foizga (316,6 ming) ko‘paydi.
Davlat xaridlarini raqobatli usullar yordamida amalga oshirish natijasida 15,6 trln so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.
Agentlik tomonidan o'tgan davr mobaynida 1,9 trln so‘mlik 1463 ta davlat xaridida qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, 1,5 trln so‘mlik qonunbuzilishi holatlarining oldi olindi.
29 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 339 nafar shaxs maʼmuriy, 137 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.

2025-yilda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan 86 ta holat bo'yicha mas'ul mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
2026-yilning I-choragida Agentlik tomonidan jami 225,1 mlrd so‘mlik 52 ta davlat xaridida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Hozirda ushbu holatlarni bartaraf etish va qonuniy choralar ko‘rish bo‘yicha qatʼiy ish olib borilmoqda.
Bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlari sohasini raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish, inson omilini cheklash hamda jazo muqarrarligini taʼminlash orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Shuningdek, qonunbuzilishi holatlarini avtomatik aniqlash hamda “qizil bayroq” (red flags) tizimlarini joriy etish maqsadida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash choralarini ko‘ryapmiz.
“Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi doirasida esa davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlarini cheklash, yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilishi holatlari haqida har qanday shaxs tomonidan tezkor shikoyatlar yo‘llash imkoniyati yaratiladi.
Insofsiz ijrochilar reyestriga kiritilgan yuridik shaxslarning benifitsiarlarini ham ushbu ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida sohada qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga qaratilgan. “Davlat xaridlarida nazorat” sahifasini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu haqda Forum ishtirokchilariga batafsil ma'lumot berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati
08.04.2026