Virtual qabulxona

Bojxona tizimida korrupsiyaviy xavflarning oldini olish tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda

Asosiy yangiliklar 1 352 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Bojxona qo‘mitasi o‘rtasida tasdiqlangan 2023-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijrosi yuzasidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish hamda inson omilini qisqartirish maqsadida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning avtomatlashtirilgan tizimlari joriy etildi. Xususan, 12 ta (jami 35 ta) yangi axborot tizimlari (“Yuk operatsiyalari”, “Bojxona ko‘rigi”, “Avia API/PNR”, “E-Navbat”, “Shaffof tizim”, “Bojxona xodimi”, “Samaradorlik”, “Bojxona qiymati”, “Targetlash va xavflarni boshqarish” “Transport nazorati”, “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish”, “E-hujjat” va b.) 13tayangi elektron xizmat (jami 43 ta), 6 ta mobil ilovasi ishlab chiqildi.

Jumladan, bojxona organlarida “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizmi ishlab chiqilgan bo‘lib, dastur yordamida xodimlar faoliyatidagi korrupsiyaviy holatlar, yopiq sxemalar, shubhali vaziyatlar va umuman korrupsiyaga imkon yaratishi mumkin bo‘shliqlar avtomatik aniqlanadi va ularni bartaraf etish (minimallashtirish) yuzasidan ichki nazorat tuzilma xodimlariga topshiriq berib boriladi.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari hamda fuqarolarga bojxona organlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarni baholash bo‘yicha “Bojxona xizmatini baholash” mobil ilovasi ishlab chiqildi.

Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida “Bojxona organlari xizmatiga ishga joylashish” onlayn sahifasi ishga tushirildi.

Barcha hududlarda bojxona rasmiylashtiruv jarayonlari masofaviy tarzga o‘tkazilgan holda amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, bojxona ko‘rigi natijalari planshet yordamida tasdiqlanishi, xodimlarni GPS monitoring va video kuzatuv orqali faoliyatini nazorat qilish yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro aeroportlar uchun esa yangi — “Masofaviy bojxona nazorati” axborot tizimi ishlab chiqilib, tizim doirasida 25 ta aviakompaniya bilan axborot almashinuvi joriy etildi.

Hozirda yo‘lovchilar haqida oldindan taqdim etilgan maʼlumotlarni tahlil qilish va xavflarni aniqlash sunʼiy intellekt yordamida amalga oshirilmoqda.

Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarida inson omilini qisqartirish orqali bojxona xodimi va tashqi iqtisodiy faoliyat subyekti o‘rtasidagi bevosita muloqotga barham berish maqsadida masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari tashkil etildi.

Jumladan, 2022 yilga qadar 50 tadan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda tizimda tashkil etilgan 13 ta “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari orqali rasmiylashtiruv yo‘lga qo‘yilgan.

Bu borada 2023 yilning sentyabr oyida Bojxona qo‘mitasida “Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hozirda ushbu bojxona postida respublika bo‘yicha jami deklaratsiyalarning 50 % (kuniga 3 mingta) rasmiylashtirilmoqda. Xavf darajasi past bo‘lgan deklaratsiyalar inson omili ishtirok etmagan holda avtomatik tarzda rasmiylashtirilmoqda.

Bojxona tartibotlarini takomillashtirish yo‘nalishida 45 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qabul qilindi (2 ta Farmon, 22 ta qaror, 2 ta farmoyish, 19 ta idoraviy hujjat).

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan jami 1 270 ta nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.

345 marotaba xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 440 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Sohada 6 ta holatda aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bartaraf etildi.

Qo‘mitada korrupsiya va qonunbuzilishi holatlarining oldini olish bo‘yicha 1 040 ta uchrashuv, seminar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar