Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olish choralari kuchaytiriladi
“Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “Soliq” axborot tizimlari kompleksi tarkibida bu yil 1-oktabrgacha “E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi sinov tarzida, 2027-yil 1-martgacha to‘liq amaliyotga joriy etiladi.
Platformada:
- bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari va savdo o‘rinlari ochiq eʼlon qilib boriladi;
- aholini bozorlar va savdo komplekslari faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan tanishtirish, bozor maʼmuriyatiga elektron murojaat yo‘llash va javob olish imkoniyatlari yaratiladi.
Soliq qo‘mitasi “E-bozor” platformasining operatori sifatida korrupsiya va yashirin iqtisodiyotning oldini olish maqsadida platformani doimiy takomillashtirish choralarini ko‘rib boradi.
Har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi va ularning faoliyati samaradorligi kunlik tahlil qilib boriladi.
Kunlik tushumlar haqqoniyligi joylarda doimiy monitoring qilinadi.
Bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan avtotransportlarni vaqtincha saqlash joylarida to‘lovlarni yagona QR kod orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bozorlar va savdo komplekslari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini to‘liq onlayn nazorat-kassa texnikalari bilan taʼminlash yoki onlayn to‘lovlar uchun QR kodli yorliqlar o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Joriy yil 1-avgustdan transportlarni saqlash joylaridan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma faqat maʼmuriy ishni ko‘rib chiquvchi organ va ijro organi tomonidan “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR-kod bilan tasdiqlanadi va elektron tarzda yuboriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati