Virtual qabulxona

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a’zo davlatlar konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 725 marta körilgan

Ayni kunlarda Avstriya davlatining Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi amalga oshirilishi obzori guruhining 17-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Mazkur tadbirda Konvensiya implementatsiyasi obzorining keyingi bosqichi, mamlakatlar tomonidan Konvensiya talablarining bajarilishini baholash jarayonlari va uni yanada takomillashtirish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha ikkinchi bosqich obzor jarayonidan o‘tkazilayotgan bo‘lib, shu bilan birga, 2027 yilda mamlakatimizda Konvensiyaga a’zo davlatlar 12–konferensiyasi o‘tkazilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi delegatsiyasining BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilik bo‘limi rahbari, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a’zo davlatlar konferensiyasi kotibi Brigitta Shtrobel-Shou bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Konferensiyaning tashkiliy va texnik jihatlari bilan bir qatorda, uni o‘tkazish bilan bog‘liq mezbon davlat bitimini tayyorlash, shuningdek, yuqori darajadagi tadbirlarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotlar yakunida BMT vakillari O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faol tashabbuslari va yetakchilik rolini yuqori baholab, Konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ko‘rsatilayotgan qat’iy siyosiy iroda va amaliy sa’y-harakatlar uchun minnatdorlik bildirdilar.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar