Biznesda korrupsiyaning oldini olish masalalari yuzasidan muloqot qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov tadbirkorlar va ishbilarmon doira vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan muloqotda mamlakatda xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish, biznes sohasida korrupsiyaning oldini olish, raqamlashtirish orqali “inson omili”ni kamaytirish hamda ochiqlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Jumladan, Agentlik direktori yaqinda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof aralashuvlarga yo‘l qo‘ymaslik, davlat organlari bilan munosabatlarda manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish bo‘yicha qonunchilikda yangi mexanizmlar belgilab berilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, halol, shaffof va barqaror biznes muhitini shakllantirishda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni kuchaytirish yo‘nalishidagi loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni rag‘batlantirish orqali o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati