Virtual qabulxona

Biror ishni qilishdan avval oqibatini o‘ylash lozim

Asosiy yangiliklar 2 205 marta körilgan

(So‘nggi pushaymon, afsus va nadomatdan hech qanday naf yo‘q!)

Hurmatli sudyalar, sohada yaxshi umidlar bilan xizmat qilayotgan yoshlar!

Siz kasbdoshlarimga maʼlumki, men shu sohaning halol va pokiza nonini yeb ulug‘ yoshga yetdim, yetarlicha obro‘-eʼtiborga sazavor bo‘ldim. Bilaman, meni qattiq hurmat qilasizlar, buning uchun barchangizdan nihoyatda minnatdorman. Shu sababli ham Siz azizlarga yana bir bor o‘zimning ayrim pandu-nasihatlarimni baham ko‘rish uchun qo‘limga qalam oldim.

So‘ngi yillarda adolatparvar va fidoyi sudyalarimiz tomonidan qonun ustuvorligini taʼminlash va adolatni qaror toptirish maqsadida xalqimizning ishonchi oqlanayotganligini sezib turibmiz. Muhtaram Prezidentimiz ham soha kishilarini barcha masalalarda qo‘llab-quvvatlab, yetarlicha eʼtibor qaratib turibdilar.

Kechagina yaʼni, 27 yanvar kuni respublikamiz sudlarining bir yillik ish faoliyati sarhisob qilindi. Unda Oliy sud raisi to‘rt-besh soat davomida yutuqlar va ayrim kamchiliklar haqida to‘xtalar ekan, korrupsiya masalasida ham gapirib, bu borada barchani adolatni barqaror bo‘lishida qonun ustvorligini taʼminlashga chaqirdi. Buning uchun sizlarga muvaffaqiyat va kuch-quvvat tilab, barchangizni irodali bo‘lishga daʼvat etdi.

Shu kunlarda tarqalgan noxush xabarni eshitib juda xijolat tortdim. Men shu sohaning nasihatgo‘y oqsoqollaridan biri sifatida g‘am chekib sud hokimiyati tizimida bunday noxush holatlarni umuman bo‘lishi mumkin emas degan qatʼiy fikr bilan qo‘limga yana qalam olib, qattiq o‘ksigan holda ushbu so‘zlarni yozishga kirishdim. Tizimda xizmat qilayotgan har bir sudya va xodim kechagi gaplardan, qolaversa, o‘tkan yilda sodir etilgan ayrim noxush holatlardan tegishli xulosa chiqarishlari lozim. Salbiy fikrlarni vujudga kelishiga sabab bo‘luvchi ayrim holatlar hattoki televezior orqali namoyish etildi. Nahotki, bu ko‘rsatuv barchaga birdek saboq bo‘lmadi?

Birodarlar, oyliklar yetarli, ust-boshiimiz but, qornimiz to‘q bo‘lishiga qaramasdan ayrimlarning ko‘zi bunchalik och bo‘lmasa. Nahotki oladigan maoshimiz yetmayotgan bo‘lsa? Barchamiz oliy maʼlumotga, yetarli hayot tajribasiga ega insonlarmizku. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, davlat bayrog‘i oldida qabul qilgan qasamyodga sodiqligimiz shumi? Qasamyodga sodiq bo‘lmaslikning oqibati yomonlik bilan tugashini, agarda unga rioya etilmasa bir kun kelib qasam urishi haqidagi maqolni eslaylik. Nahotki ayrim shaxslar uchun nafs balosi qasamyoddanda ustun tursa? Bu baloga giriftor bo‘lganlarning oxiri voy bo‘lib, xorlikka yetaklaydi, albatta. Diqqatni bir yerga jamlab o‘ylab ko‘raylik, nega endi o‘zimiz har kuni ko‘radigan ishlarimizdan tegishli xulosa chiqarmaymiz? Bir yelkada shayton tursa, ikkinchisida iymon bo‘lsin baraka topgurlar!

Hech qaysi normalarga to‘g‘ri kelmaydigan, odob-axloq qoidalariga zid qarashlarning hosilasi bo‘lgan xasislik, kekkayish, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish, ochko‘zlik, molparastlik, mansabparastlik kabi illatlardan yiroq bo‘laylik. Mavridi kelganda bir risolamda yozgan “Sudyaning pora olishi uning dindan qaytishidir, o‘zi uchun jahannamdan joy tayyorlashi bilan barobar” degan so‘zlarni yana bir bor eslatishni joiz deb topdim. Buning uchun biroz achchiq, ammo, do‘stona so‘zlarimdan ranjimaysizlar degan umiddaman.

Davlatimiz rahbari yaqindagina madaniyat, maʼrifat, taʼlim, tarbiya haqida jon kuydirib, barcha sohalar bo‘yicha korrupsiyaga butunlay barham berishimiz shart dedilar. Prezident shunday deb turganidan keyin ham noxush holatlar uchrab turganiga aqlim bovar qilmaydi. Xayolimga sohamizga ilm-maʼrifat, aql-idrok, odob-axloq, pok vijdon va sabr-matonatdan yiroq bo‘lgan kishilar qanday kirib qoldi ekan, degan fikr keladi. Agarda shunday kishilar bor bo‘lsa, ular zudlik bilan aqlini borida oilasi, ota-onasi, farzandlari, qarindosh urug‘lari va mahalla kuyini ko‘z oldiga keltirib bir baloga giriftor bo‘lmasidan avval sohani tark etganlari maqul. Biror ishni qilishdan, unga qo‘l urishdan avval oqibatini o‘ylash shart deb bilaman. O‘ylamay netmay qilingan ish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Aql-farosatga ega bo‘lgan kishi bunday ishga qo‘l urmaydi.

Hurmatli sudyalar va xodimlar!

Ushbu satrlarni yozish bilan birga, siz azizlarni chin dildan duo qildim. Umid qilamanki, endi sohamizda bunday voqealar sodir bo‘lmaydi. Qonun ustuvorligini taʼminlashda har bir ishda adolatni beg‘araz amalga oshirasizlar, bunga kuchingiz ham, salohiyatingiz ham, aql-idrokingiz ham yetishiga ishonaman. Bundan keyin yurtdoshlarimiz tomonidan sudlarda haqiqat yuzaga chiqyapti, adolat qaror topayapti, biz sud idoralaridan, sudyalardan rozimiz degan so‘zlarini eshitib siz azizlarning ishlaringizga muvaffaqiyat tilab dil so‘zlarimni aytish nasib etsin.

Har bir harakatingizni oqibatini o‘ylab ish qilsangiz, sizdanda baxtli va xotirjam odam bo‘lmaydi. Shundagina yaxshi kayfiyat bilan, biror bir kishidan tilingiz qisiq bo‘lmay yashash baxtiga muyassar bo‘lasiz. Barchangiz bundan bu yog‘iga qatʼiy iroda ko‘rsatib, oladigan maoshingizga qanoat hosil qilib yashash tarziga o‘tasiz degan umiddaman.

Ubaydulla Mingboyev,

O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining raisi

Öxşaş materiallar