Virtual qabulxona

“Aksilkorrupsiya xakatoni – 2026”: ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan eng yaxshi yechimlar aniqlandi

Asosiy yangiliklar 741 marta körilgan

Yosh dasturchilar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish yo'nalishida innovatsion va amaliy ahamiyatga ega kreativ loyihalar tanlovi — “Aksilkorrupsiya xakatoni – 2026” yuqori ruhda yakunlandi.

Tanlovning final bosqichida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, "O‘zmetkombinat" boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev, "Sarbon" universiteti rektori Odilbek Asqaraliyev ishtirok etdi.

Tadbir davomida Agentlik direktori korrupsiyaga qarshi kurashishda raqamli texnologiyalar va ochiq ma’lumotlarning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi:

— Bugun sizlar korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat muammoni ko'ra olyapsiz, balki unga aniq, texnologik va amaliy yechimlar taklif qilyapsiz. Bu biz kutayotgan eng muhim natijadir. Ochiq ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlaringiz shaffoflikni ta’minlaydi, inson omilini keskin qisqartiradi va jamoatchilik nazoratini real kuchga aylantiradi. Endi biz uchun asosiy vazifa — ushbu g‘oyalarni real tizimlarga joriy etish va ularning kundalik hayotda samarali ishlashini ta’minlashdir, — dedi Akmal Burxanov.

Yakuniy bosqichda 45 ta jamoa tomonidan ochiq ma'lumotlar asosida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar ekspertlar tomonidan har tomonlama baholandi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:

1-o‘rin — “Feba” jamoasi davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid dasturiy yechim bilan;

2-o‘rin — “Austrum” davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan loyiha bilan;

3-o‘rin — “Bright minds” jamoasi kompyuter o‘yini orqali bolalarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo'yicha innovatsion yondashuvi bilan.

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan g‘olib deb topilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga joriy etish va keng tatbiq qilishga har tomonlama ko‘maklashiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar