"Aksilkorrupsiya oyligi" doirasida "Ochiq eshiklar kuni" o‘tkazildi
Har yili 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan mazkur yo‘nalishdagi saʼy-harakatlar samarasiga baho berilib, amaliy natijalar tahlil qilinadi va yangi vazifalar belgilanadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan "Aksilkorrupsiya oyligi" doirasida “Ochiq eshiklar kuni” ham ayni maqsadda tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, ushbu illatning oldini olish, shaffoflikni oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalari xususida so‘z yuritdi.

Shu bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaro va davlat tashkilotlarining ijtimoiy masʼuliyati, birgalikdagi izchil va qatʼiy, uzluksiz saʼy-harakatlari orqali amaliy natija berishini alohida qayd etdi.

Muloqot mobaynida, shuningdek, davlat xizmatida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan mexanizmlar, aholida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va sohada ilg‘or tajribalarni keng targ'ib qilish borasidagi muhim vazifalar muhokama qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati