Agentlikda Konstitutsiya kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Agentlik direktori Akmal Burxanov jamoani bayram bilan tabriklab, Asosiy Qonunning Yangi O‘zbekiston strategiyasini hayotga tatbiq etishdagi o‘rni va ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasining Bosh qomus darajasida mustahkamlanishi ushbu sohadagi islohotlarning ortga qaytmasligini ta’minlaydigan muhim huquqiy kafolat ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda davlat organlari va mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali Konstitutsiya normalarining to‘liq ijrosini ta’minlash zarurligi alohida qayd etildi.

Tadbir yakunida Agentlikning yil davomidagi faoliyati sarhisobiga ko‘ra, alohida faollik va tashabbus ko‘rsatgan xodimlar faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati