Agentlikda Konstitutsiya kuni bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
8 dekabr — O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Agentlik direktori A.Burxanov jamoani ushbu qutlug‘ sana bilan qutlab, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari, davlat va jamiyatni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishga xizmat qilayotganligi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining bu yilgi shodiyonasi Agentlik faoliyatida muhim tarixiy kun sifatida muhrlanadigan bo‘ldi. Chunki O‘zbekistonning milliy taraqqiyotida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishga qaratilgan izchil islohotlar tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotganining yorqin dalili sifatida yangilangan Konstitutsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq qator normalar mustahkamlandi.

Tadbirda Asosiy Qonunimiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirishda Agentlik faoliyatini yanada kuchaytirish, demokratik yangilanishlarga faol hissa qo‘shish zarurati xususida ham so‘z yuritildi.

Shuningdek, mehnat faoliyati mobaynida alohida faollik ko‘rsatib, yuqori samaradorlik va natijadorlikka erishib kelayotgan masʼul rahbar va xodimlar Agentlik direktori tomonidan maxsus sovg‘a, Faxriy yorliq va Tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati