Virtual qabulxona

Agentlikda “Biz — donormiz!” xayriya aksiyasi o'tkazildi

Asosiy yangiliklar 846 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida “Yuksalish” harakati tashabbusi bilan tashkil etilgan “Biz — donormiz!” xayriya aksiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu xayrli tashabbusda Agentlik, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, jumladan, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplaens) tuzilmalari mas'ullari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan ehtiyojmand bemorlarga ko‘mak berish va donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ixtiyoriy ravishda qon topshirildi.

Ayni jarayonlar malakali tibbiyot xodimlari nazorati ostida tashkil etildi hamda har bir donor dastlab belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Aksiya davomida yig‘ilgan qon zaxiralari tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlarga tezkor va samarali tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, qon quyishga ehtiyoj yuqori bo‘lgan holatlarda zarur zaxiralarni shakllantirish maqsadlariga yo‘naltiriladi.

Ma'lumot uchun: o‘tgan yili mazkur aksiya doirasida respublika bo‘ylab mingdan ortiq fuqaro ishtirok etgan bo‘lib, jami 387,2 litr donorlik qoni yig‘ilgan.
Natijada
murakkab jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirayotgan, og‘ir jarohat olgan, onkologik kasalliklarga qarshi kurashayotgan hamda qon quyishga muhtoj bo‘lgan ko‘plab bemorlarning hayotini saqlab qolishga munosib hissa qo‘shilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur aksiyada faol ishtirok etgan barcha donorlar, hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillariga samimiy minnatdorlik bildiradi.

Agentlik jamiyatda insonparvarlik, o‘zaro hamjihatlik va ijtimoiy mas'uliyat qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi bu kabi ezgu sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar