Agentlik vakillari Dushanbe shahrida biznes sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Mavlyanov boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida mamlakat Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etilgan “Biznes sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Forum doirasida biznesda halollikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar muhokamasiga bag‘ishlangan sessiyada taqdimot qildi.

Taqdimotda mamlakatimizda biznes sohasida korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirish maqsadida davlat xizmatlarini elektronlashtirish, davlat xaridlarini shaffof elektron platformalar orqali amalga oshirish ishlari yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi. Qayd etildiki, 2021-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan “Biznes adolat” forumi davlat va biznes o‘rtasida adolat va shaffoflik masalalari bo‘yicha asosiy milliy muloqot maydoniga aylangan.

Shuningdek, O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasiga bugungi kunga qadar 406 ta tadbirkorlik subyekti qo‘shilgani, ushbu xartiya ishtirokchilari ichki korrupsiya risklarini kamaytirish, investitsiya jalb qilish, adolatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda taʼlim dasturlaridan foydalanish imkoniyatlariga ega.

U.Mavlyanov o‘z chiqishida O‘zbekiston tajribasi davlat va biznes hamkorligiga asoslangan ixtiyoriy mexanizmlar eng barqaror va samarali natijalar berishiga yaqqol misol ekanini taʼkidlab, ushbu yondashuv Markaziy Osiyoda ochiq raqobat va ishonch muhitini rivojlantirishga, shuningdek, halol biznesni mintaqaviy barqaror rivojlanishning muhim investitsiyasi sifatida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini bildirdi.

O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish xartiyasi forum ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi.

Forumning yakuniy muhokamalarida davlat va xususiy sektor o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytirish, biznes uchun aksilkorrupsiya standartlarini joriy etish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda raqamli yechimlarni amaliyotga jadal tatbiq etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati