Virtual qabulxona

Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining faoliyati sarhisob qilindi

Asosiy yangiliklar 2 547 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining 2022-2024 yillardagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumot o‘rnida: Mazkur davrdagi Jamoatchilik kengashi tarkibi Agentlik direktorining 2022 yil tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan. Tarkibning 58 foizi fuqarolik jamiyati instituti (OAV va NNT) vakillaridan iborat. Aʼzolarning 4 nafari ayol va bu umumiy aʼzolarning 21 foizini tashkil etdi.

Tadbirda Jamoatchilik kengashi bilan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va ularning amaliy natijalari atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi ikki yil mobaynida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda Agentlik va jamoatchilik o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, sohada qabul qilingan qarorlar va qonun hujjatlarining natijadorligini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan faol hamkorlikni taʼminlash kabi muhim yo‘nalishlarda Jamoatchilik kengashi samarali faoliyat olib bordi.

Xususan, jamoatchilik kengashlari faoliyatida kamyob amaliyot jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi kabi mexanizmlardan samarali foydalanishdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri eshituvi, e-qaror platformasi va oliy taʼlim muassasalariga imtihonlar jarayoni monitoringi shular jumlasidandir.

Kengash aʼzolarining faolligi va tashabbuskorligining natijasi o‘laroq, 2024 yildagi Davlat dasturida Agentlik zimmasiga barcha davlat organlari Jamoatchilik kengashlari faoliyatini monitoring qilish, ularni namunali kengashlarga aylantirish bo‘yicha vazifa yuklatildi va bu vazifani ham Kengash samarali amalga oshirdi.

Jumladan, 100 dan ortiq tashkilot va idoralar Jamoatchilik kengashlari faoliyati o‘rganildi. 10 ga yaqin vazirliklarga bevosita joyiga chiqqan holda monitoring qilish va tavsiyalar berishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi, namunali kengash qanday bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida tushunchalar, tavsiyalar berildi. Shuningdek, hududlardagi jamoatchilik kengashlarini tashkil etish va ularning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha seminarlar tashkil etildi, tavsiya va metodik yordam ko‘rsatildi.

Jamoatchilik kengashining vakolat muddati bu yil o‘z yakuniga yetdi va endilikda Agentlik tomonidan belgilangan tartibda Kengashning yangi tarkibi shakllantiriladi.

Shu munosabat yig‘ilishda Agentlik direktori A.Burxanov ana shunday faol ko‘mak, yaqin hamkorlik va yangi tashabbuslar uchun Kengash aʼzolariga minnatdorlik bildirib, Kengash aʼzolarning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Öxşaş materiallar