Agentlik direktorining navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi
Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovning navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi.

Unda fuqarolar asosan prokuratura va notariat organlari xodimlarining xatti-harakatlaridan norozilik, qurilish, kadastr, yer munosabatlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati bilan bog‘liq nizolar, shuningdek ishga qabul qilish jarayonlarida kuzatilayotgan ayrim korrupsion holatlarga doir masalalar bilan murojaat qildilar.

Shu bilan birga, ayrim murojaatchilar tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish yuzasidan ham taklif va tavsiyalarini bildirildi.

Qabul davomida barcha murojaatlar atroflicha tinglanib, har bir masala bo‘yicha huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.

Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan, shuningdek, korrupsiya faktlari haqida berilgan xabarlar yuzasidan ariza va shikoyatlar qabul qilinib, ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.

Fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va samarali ko‘rib chiqish, ularga tizimli huquqiy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom ettiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati