Agentlik direktorining yoshlar bilan muloqoti tashkil etildi
Joriy yilning 20-dekabr kuni “Yoshlar haftaligi — 2024” loyihasi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanovning yoshlar bilan muloqoti tashkil etildi.
Uchrashuvda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni kuchaytirish, yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga faol jalb etish masalalarida o‘zaro fikr almashildi.

Muloqot avvalida A.Burxanov “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish, yoshlar bilan ishlash, ular bilan doimiy muloqot o‘rnatish, saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan 2023-yil dekabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatni shakllantirish maqsadida korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish tashabbusi ilgari surildi.

GRACE tashabbusi xalqaro hamjamiyatga korrupsiyaga nisbaan murosasiz madaniyatni yaratish uchun o‘qituvchilar, olimlar, yoshlar va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar bilan ishlash bo‘yicha bilim va tajribani umumlashtiradi.
Dastur doirasida maktabgacha taʼlim va oliy taʼlim muassasalarida halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish 10 kunligi o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga maktablarda “Halollik to‘garaklari”, oliy taʼlim muassasalarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish kovorking markazlari” faoliyati tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Dasturning Akademik tarmog‘i (The anti-corruption academic (ACAD)ga Huquqni muhofaza qilish akademiyasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida taʼlim va tadqiqotlarni amalga oshiruvchi 14 nafar professor-o‘qituvchilarining aʼzo bo‘lishi taʼminlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish magistratura yo‘nalishi tinglovchilari uchun 4 ta o‘quv modullariga GRACE o‘quv materiallari mustaqil taʼlim olish uchun kiritildi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan GRACE platformasidagi qo‘llanma va videomateriallar taʼlim tiliga tarjima qilindi.
Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda #Bizyoshlar_ korrupsiyaga_qarshimiz! xeshtegini ommalashtirish bo‘yicha aksiyalar hamda #Stop_korrupsiya xeshtegi ostida oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida chellenj o‘tkazish anʼana tusiga kirdi.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvarda ishga tushishi rejalashtirilayotgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasi”dagi taʼlim oluvchi kontingent orasida taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalarning ҳам bo‘lishi ularning bilimlarini oshirishdagi katta qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu platforma orqali bir yilda o‘rtacha 140 ming nafar davlat xizmatchisi hamda 1,5 mln nafarga yaqin aholi qatlami malakasi oshiriladi.

Bazaviy o‘quv kurslari taʼlim oluvchilar, xususan yoshlarga korrupsiya tushunchasi, tarixi, oqibatlari, unga qarshi kurashish va oldini olishga doir masalalarni tushuntirish orqali ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirishga qaratilgan shaklda tashkil etiladi.
Muloqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi PF-200-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzurida tashkil etilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish laboratoriyasining taqdimoti ҳам bo‘lib o‘tdi. Laboratoriyaning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ilmiy izlanishlar olib borish, yoshlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish va ularning tashabbuslarini qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati organlariga yetkazishdir.
Uchrashuvda yoshlar Agentlikning boshqa yo‘nalishlardagi faoliyati bilan ҳам yaqindan tanishtirildi.
Muloqot mobaynida A.Burxanov korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida ilg‘or g‘oya, yangi tashabbus va takliflar bilan faol ishtirok etish bo‘yicha yoshlarga ўз tavsiyalarini berib o‘tdi. Shuningdek, bu borada yoshlarning takliflari, fikr-mulohazalari bilan ҳам qiziqdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati