Agentlik direktori Toshkent davlat tibbiyot universiteti talaba-yoshlari bilan uchrashdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ishtirokida "Rahbar va yoshlar" turkumi doirasidagi navbatdagi uchrashuv Toshkent davlat tibbiyot universiteti talaba-yoshlari bilan o‘tkazildi.

Uchrashuvda dastlab sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining komplayens nazorati tuzilmasi huquqiy eksperiment tariqasida Agentlik tasarrufiga o‘tkazilgani, soha taraqqiyotidabo'lajak bo‘lajak shifokorlarning kasbiy masʼuliyati xususida so‘z yuritildi.

Taʼkidlanganidek, tibbiyotda korrupsiyaning bahosi mablag‘ bilan emas, inson hayoti va salomatligi bilan o‘lchanadi.

Shu bois so‘nggi yillarda sohada inson omilini kamaytirish, shaffoflikni taʼminlash va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish maqsadida elektron navbat, elektron tibbiy karta, raqamli monitoring, ochiq tanlovlar hamda onlayn xizmatlar keng joriy etilmoqda.

Biroq har qanday tizimning samaradorligi uni boshqaradigan insonning vijdoni, masʼuliyati va halolligiga bog‘liqligi alohida taʼkidlandi.

Muloqot yakunida A.Burxanov yoshlarga murojaat qilib, shunday dedi:
— Jamiyatimiz har tomonlama sog‘lom bo‘lishi uchun, avvalo, uni "davolaydigan" qo‘llarning o‘zi halol bo‘lishi kerak. Shuning uchun kelajakdagi kasbiy faoliyatingizni hatto “kichik”dek tuyuladigan noqonuniy imtiyoz yoki manfaatga ham yo‘l qo‘ymaslikdan boshlang. Chunki halollik aynan shunday tanlov va qarorlardan boshlanadi.

O‘z navbatida talaba-yoshlar ham sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni taʼminlashga oid o‘z taklif hamda tashabbuslarini bildirdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati