Virtual qabulxona

2024-yildagi natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 2 851 marta körilgan

Joriy yilning 27-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi moliyaviy ko‘magida Germaniya, Sloveniya, Latviya tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasining Kuzatuv kengashi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Agentlik direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasining hamkorlik bo‘yicha loyiha menejeri Yana Kurpitsa, Germaniyaning Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ning “O‘zbekistonda samarali boshqaruv” dasturi rahbari, Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti, Latviyaning Moliya va shartnoma markaziy agentligi (CFLA) hamda BMT TDning masʼul vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun: Kuzatuv kengashi tarkibi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kabi idoralarning rahbariyatlari va masʼul xodimlaridan iborat.

Shuningdek, Kuzatuv kengashining dastlabki yig‘ilishi 2024-yilning 15-avgust kuni Agentlik binosida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Agentlik direkori o‘rinbosari U.Tuxtasheva, loyiha dosirasida xalqaro hamkorlar hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi aʼzolari ishtirok etgan.

Loyiha faoliyatining asosiy yo‘nalishlari huquqiy va institutsional islohotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali ijtimoiy masʼuliyatni oshirishdan iborat. Bu saʼy-harakatlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy mexanizmlarini mustahkamlash, jamiyat hayotida shaffoflik va halollikni taʼminlash, fuqarolarning faolligi va xabardorligini kuchaytirishga erishish kutilmoqda.

Yig‘ilishda Loyihaning 2024-yilda reja asosida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda 2025-yil uchun mo‘ljallangan ish rejasi ko‘rib chiqilib, Kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan taqdim etilgan takliflar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bu yil loyiha doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani tahlil qilish va baholash, xalqaro hujjatlar normalarining milliy qonunchilikka tatbiq etilishini o‘rganish, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida salohiyatini oshirish, xususan, jurnalistik surishtiruvlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu borada masʼul tashkilot va idoralari bilan qo‘shma tadbirlar, seminar-treninglar, maxsus o‘quv dasturlar tashkil etib boriladi.

Xalqaro hamkorlar vakillari O‘zbekiston hukumatining boshqaruv sohasida inklyuziv va aholi manfaatlariga yo‘naltirilgan bu kabi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlik ishlarini jadallashtirish va o‘zaro manfaatli takliflarni istiqbolda amalga oshirishga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar