Virtual qabulxona

11,4 mlrd so‘mlik davlat xaridlari qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilishining oldi olindi

Asosiy yangiliklar 2 292 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning aprel-may oylarida jami 11,4 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, quyidagi davlat xaridlarida axborot texnologiyalaridan noto‘g‘ri foydalanish orqali manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan:

O‘zyo‘lko‘prik klasterining Navoiy filiali davlat muassasasi buyurtmachiligida yuk avtotransport vositalarida yuk tashish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 2,0 mlrd so‘mlik;

“Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ buyurtmachiligida yuklarni xalqaro tashish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 1,97 mlrd so‘mlik;

Kasbi tumani maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi buyurtmachiligida texnik jihozlar xarid qilishga oid 813,5 mln so‘mlik;

Kattaqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi buyurtmachiligida yuk avtotransport vositalarida yuk tashish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 600 mln so‘mlik;

To‘rtko‘l tumani Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida yuk tashish xizmatini ko‘rsatishga oid 433 mln so‘mlik;

Toshkent viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi buyurtmachiligida choyshablarni yuvish, dizkamerada tozalash, quritish va dazmollash xizmati ko‘rsatish bo‘yicha 405 mln so‘mlik;

Termiz davlat pedagogika instituti davlat muassasasi buyurtmachiligida yengil avtomashina xarid qilish bo‘yicha 383,1 mln so‘mlik;

Sirdaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘limi buyurtmachiligida svetofor qurilmalarini qurish va yo‘l belgilarini o‘rnatish uchun trubalar olishga oid 250,5 mln so‘mlik;

“Namangan suv taʼminoti” MCHJ buyurtmachiligida gul ko‘chatlari yetkazib berish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 240,8 mln so‘mlik;

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Qashqadaryo viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati buyurtmachiligida Dehqonobod, G‘uzor va Nishon tumanlarida zararli chigirtkalarga qarshi UAZ avtomashinasiga o‘rnatilgan mikronair purkagichi bilan ishlovlar berish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 210 mln so‘mlik;

Taxiatosh tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi buyurtmachiligida yuk tashish xizmati ko‘rsatishga oid 161,2 mln so‘mlik;

Toshkent shahar 52-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab buyurtmachiligida issiq oziq-ovqat bilan taʼminlash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 140,4 mln so‘mlik;

Urgut “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi buyurtmachiligida kir yuvish bo‘yicha autsorsing xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan 117,6 mln so‘mlik;

Narpay tumani sport maktabi buyurtmachiligida qurilish mahsulotlari xarid qilish 108,6 mln so‘mlik;

Ishtixon davlat o‘rmon xo‘jaligi buyurtmachiligida mebel jihozlari xarid qilish bo‘yicha 100 mln so‘mlik;

Uchqo‘rg‘on tuman obodonlashtirish buyurtmachiligida qurilish mollari sotib olish yuzasidan o‘tkazilgan 61 mln so‘mlik davlat xaridlari.

Shuningdek, quyidagi davlat xaridlarida qonunchilik talablariga zid ravishda o‘zaro affillangan shaxslar ishtirok etganligi aniqlandi:

Amudaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida tibbiy jihozlarni zararsizlantirish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 946 mln so‘mlik;

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo viloyati filiali buyurtmachiligida tibbiy jihozlarni zararsizlantirish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 720 mln so‘mlik;

Mo‘ynoq tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi buyurtmachiligida tashish xizmati ko‘rsatish bo‘yicha 627 mln so‘mlik;

“O‘zbektelekom” AK buyurtmachiligida Uzmobile filialining mahsulot va xizmatlarini reklama qilish, grafik dizaynlar hamda kreativ g‘oyalar ishlab chiqish bo‘yicha 494,9 mln so‘mlik;

Bolalar milliy tibbiyot markazi buyurtmachiligida tibbiy asbob-uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 312 mln so‘mlik;

Navoiy viloyat sport boshqarmasi Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi buyurtmachiligida texnik jihozlar xarid qilish bo‘yicha 167 mln so‘mlik;

Yuqorichirchiq tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida ekskavator xizmat ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 160 mln so‘mlik davlat xaridlari.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Agentlikning taqdimnomalari asosida xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, ko‘rsatib o‘tilgan davlat xaridlari qonunga xilof ravishda o‘tkazilishining oldi olindi.

O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar