Jahon banki ekspertlari ishtirokida Agentlik faoliyatini institutsional baholashning dastlabki natijalari ko‘rib chiqiladi
This material is so far published only in: Özbekça
Joriy yilning 11-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati hamda Jahon banki ekspertlari o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda sohaning institutsional asoslarini mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, ekspertlik ko‘magini ko‘rsatishdagi hamkorlik har ikki tomon uchun ham samarali bo‘layotgani taʼkidlandi.

Shundan so‘ng Agentlik institutsional salohiyatini baholashning dastlabki natijalari va ular asosida kelgusida amalga oshiriladigan choralar ko‘rib chiqildi.

Maʼlumot uchun: Jahon Banki vakillari tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylarida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida suhbatlar o‘tkazish, maʼlumotlarni yig‘ish va taqdim etish bo‘yicha texnik uchrashuvlarni olib borish orqali Agentlik faoliyati institutsional baholangan edi.
Shuningdek, Agentlik faoliyatini institutsional baholashning dastlabki natijalarini Agentlikning masʼul tarmoqlari bilan birgalikda muhokama qilish, barcha holatlarni aniqlashtirib olish, tavsiyalar yuzasidan kelgusidagi choralarni belgilab olish masalalari xususida o‘zaro fikr almashildi.

Korrupsiya xavf-xatarlarini baholash metodologiyasini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, xavflarni boshqarish va baholash indikatorlari bo‘yicha birgalikda tavsiyalarni ishlab chiqish masalalari ham muloqot doirasida muhokama etildi.

Uchrashuvda Jahon banki ekspertlari bilan Agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish va ekspertlik fikri taqdim etilishiga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati