Virtual reception

Oilaviy tantana va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha Tojikiston tajribasi o‘rganildi

Top news 847 views

This material is so far published only in: Özbekça

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Tojikiston Respublikasi Moliyaviy nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari o‘rtasida onlayn formatda ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — oilaviy tantana va marosimlarni tartibga solish sohasida Tojikiston Respublikasining amaliy tajribasini o‘rganish, ushbu yo‘nalishda shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash mexanizmlari bilan tanishishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentyabrdagi 589-son qarori mazmuniga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, to‘y va oilaviy tantanalar ustidan nazoratni kuchaytirishda xorijiy tajribani o‘rganish muhim ekani alohida taʼkidlandi.

Tojikiston tomoni 2024-yilda qabul qilingan “Tantanalar va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun mazmuni bilan tanishtirdi. Qonun milliy qadriyatlarni asrash, ortiqcha isrofgarchilik, xurofot va fanatizmning oldini olish, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgani qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar o‘rtasida oilaviy tantanalar va marosimlarni tartibga solishda mahalliy komissiyalar faoliyati, ularni tashkil etish tartibi, qonunbuzilishlar uchun javobgarlik choralari, amaliyotda qo‘llanilayotgan boshqa mexanizmlar yuzasidan fikr almashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials