Korrupsiyaga qarshi amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha hududiy treninglar yakunlandi
This material is so far published only in: Özbekça
O‘zbekistonda hududiy darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotini takomillashtirish maqsadida barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan bir oylik o‘quv-treninglar dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Mazkur tashabbus orqali hududiy kengashlar aʼzolari, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining 506 nafar vakili korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish borasida bilim va tajribasini yanada boyitish imkoniga ega bo‘ldi.

O‘quvlar davomida ushbu yo'nalishda xalqaro va milliy yondashuvlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi hamda ISO 37001 standarti o‘rganildi.

Shuningdek, hududiy xususiyatlardan kelib chiqqan holda ichki nazorat, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Trening mashg‘ulotlarida Hududiy kengashlar vakillari har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari va ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda korrupsiya xavflarini tahlil qilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy yechimlar va tavsiyalar ishlab chiqdi.

Maʼlumot o‘rnida: O‘quv-treninglar Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi ko‘magida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqining qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati