Virtual reception

Korrupsiyaga oid xavf xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti tasdiqlandi

Top news 845 views

This material is so far published only in: Özbekça

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti tasdiqlandi.

Maqsad — davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni oldindan aniqlash, xavf darajasini dalillar asosida baholash hamda ularni bartaraf etish choralarini belgilashdan iborat.

Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholashda quyidagilar ishlab chiqiladi:

  • jarayonlar reyestri;
  • korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi;
  • korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha chora tadbirlar dasturi;
  • korrupsiyaga oid xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati;
  • korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri;
  • monitoring hisoboti.

Chora-tadbirlar dasturi va korrupsiyaga oid xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati “E-Anticor.uz” elektron platformasida jarayonlar reyestri hamda korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasidagi ma’lumotlar asosida avtomatik shakllantiriladi.

Baholash davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparati, hududiy va tarkibiy bo‘linmalarini qamrab oladi hamda maxsus bo‘linma yoki u mavjud bo‘lmaganda tarkibiy bo‘linmalar rahbarlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Baholashni tashkil etish va belgilangan choralar ijrosi uchun birinchi rahbar shaxsan javobgar hisoblanadi.

Baholash har yili 1-fevralga qadar o‘tkaziladi, xavf-xatarlar xaritasi va chora-tadbirlar dasturi 1-martga qadar “E-Anticor.uz” platformasi orqali Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Xavf-xatarlarni aniqlashda ichki va tashqi axborot manbalari hamda 9 turdagi shubhali holat (keng diskretsion vakolatlar, mezonlarning aniq emasligi, bevosita muloqot, jarayonning muhim bosqichlari bir shaxsda jamlanishi, takroriy shikoyatlar va boshqalar) alohida tahlil qilinadi.

Baholashda 4 ta majburiy mezon inobatga olinadi:

➖korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar statistikasi

➖murojaatlar va OAVdagi xabarlar;

➖jarayonning raqamlashganlik darajasi va inson omili taʼsiri;

➖jarayonning huquqiy tartibga solinganlik darajasi;

Xavf belgilari dalillar asosida oddiy, muhim va og‘ir toifalarga ajratiladi. Belgini tegishli toifaga kiritish statistika, murojaatlar, xizmat tekshiruvlari, ichki audit va axborot tizimlaridagi qaydlar bilan asoslantirilishi shart.

Xavf-xatar darajasi xavf belgilari asosida aniqlanadi:

▫️past – faqat oddiy xavf belgilari mavjud bo‘lganda;

▫️o‘rta – bitta muhim xavf belgisi mavjud bo‘lib, og‘ir xavf belgisi mavjud bo‘lmaganda;

▫️yuqori – kamida bitta og‘ir xavf belgisi yoki ikki va undan ortiq muhim xavf belgisi mavjud bo‘lganda.

Agentlik korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha chora tadbirlar dasturi ijrosini har yarim yilda kamida bir marta monitoring qiladi.

Related materials