Virtual reception

Korrupsiyaga qarshi kurashda BMT GJB bilan hamkorlik yangi yo‘nalishlarda faol davom ettiriladi

Top news 1 887 views

This material is so far published only in: Özbekça

Joriy yilning 7-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT GJB) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida amalga oshiradigan Chora-tadbirlar rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Agentlik direktori Akmal Burxanov, BMT GJB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakili Ashita Mittal va har ikki tashkilot masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Maʼlumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (BMT GJB) o‘rtasida 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, uning doirasida ayni vaqtga qadar qator tadbirlar amalga oshirildi.

Shuningdek, BMT GJB hamkorligida 2023-yilning 3-noyabr kuni Markaziy Osiyoda Korrupsiyaga qarshi konvensiyani jadal amalga oshirish bo‘yichamintaqaviy platforma ishga tushirildi.

Tadbir avvalida A.Burxanov yangi O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida xalqaro hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi, bu borada BMT tuzilmalari, xususan, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi doimo Agentlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, Ashita Mittal xonim o‘zaro hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganiga alohida urg‘u berib, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiya islohotlarini kelgusida ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini qayd etdi.

Shundan so‘ng tomonlar BMT GJB bilan hamkorlik loyihalarini jadal amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan Chora-tadbirlar rejasi va uning doirasida belgilangan vazifalar, hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.

Taʼkidlanganidek, Chora-tadbirlar rejasi quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

➖ sohaga oid Strategik hujjatlar ishlab chiqish va ularni samarali amalga oshirish mexanizmlarini joriy etishda hamkorlik;

➖ Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy platformasi doirasida faoliyatni jadallashtirish;

➖Konvensiyada aks ettirilgan xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish;

➖ xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari va choralarini kuchaytirish;

➖ BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi obzori doirasida hamkorlikni davom ettirish;

➖GRACE loyihasi doirasida qo‘shma tadbirlarni tashkil etish.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini xalqaro standartlar va xorijiy ilg‘or amaliyot doirasida kuchaytirish hamda xorijiy davlatlar aksilkorrupsiya idoralari bilan professional aloqalar rivojiga hissa qo‘shishishi taʼkidlandi.

Muloqot davomida hamkorlik yo‘nalishlarini yanada kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials