Virtual reception

Korrupsiyaga oid ijtimoiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi

Top news 888 views

This material is so far published only in: Özbekça

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida eʼlon qilingan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi g‘oliblari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir “Demokratiya va inson huquqlari instituti” Respublika jamoat birlashmasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doira hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Birgina 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida ularning ushbu yo‘nalishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan jami 25 ta grant va ijtimoiy buyurtma loyihasini moliyalashtirish uchun 6,4 mlrd so‘mdan (shundan Oliy Majlis fondi - 3 mlrd 190 mln, Agentlik - 1 mlrd 918 mln, xalqaro tashkilotlar 846 mln so‘m) ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi yillik ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 91 foizga ko‘p bo‘lib, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi salkam ikki barobarga oshganini ko‘rsatadi.

Tadbirda Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish” markazining “Biznes va korrupsiya: O‘zbekiston Respublikasida institutsional korrupsiyaviy xavflarni baholash, biznes hamjamiyatining munosabatini o‘rganish va samarali mexanizmlarni takomillashtirish” hamda “Yuksalish” harakatining ”Halollik sari ilk qadam” nomli loyihalari taqdim etildi.

Qayd etilganidek, “Halollik sari ilk qadam” loyihasining asosiy maqsadi bolalarda halollik, adolat, masʼuliyat, o‘zgalar haqiga hurmat kabi qadriyatlarni shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni tarbiyalashdan iborat. Loyiha doirasida maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ertaklar, rasmlar va turli topshiriqlardan iborat ko‘rgazmali qo‘llanma, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Men halollikni tanlayman” metodik qo‘llanmasi, “Halollik o‘yini” to‘plami hamda taʼlimga oid boshqa materiallar ishlab chiqiladi.

“Biznes va korrupsiya: O‘zbekiston Respublikasida institutsional korrupsiyaviy xavflarni baholash, biznes hamjamiyatining munosabatini o‘rganish va samarali mexanizmlarni takomillashtirish” loyihasi doirasida tadbirkorlar, investorlar va ekspertlarning biznes hamjamiyatining korrupsiya holatlariga munosabati, fikr-mulohazalari o‘rganiladi, korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan institutlar, xizmatlar, lavozimlar va hududlar aniqlanadi. Shuningdek, korrupsiyani qabul qilish darajasi hamda institutsional xavflar baholanib, davlat organlari uchun ilmiy asoslangan amaliy taklif va yechimlar ishlab chiqiladi.

Loyiha doirasida shakllantiriladigan maʼlumotlar yagona analitik bazaga birlashtirilib, institutsional korrupsiyaviy xavflar xaritasi, indeks va reytinglarni ishlab chiqish, shuningdek, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlashga xizmat qiladi.

Taqdimot yakunida loyihalarning amaliy natijadorligini oshirish, ishlab chiqilayotgan material va tavsiyalarni amaliyotga samarali joriy etish, shuningdek, belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va har tomonlama puxta taʼminlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials