Virtual reception

Investitsiya loyihalari doirasida ajratilgan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va ochiqlikni taʼminlash borasidagi ishlar o‘rganildi

Top news 1 674 views

This material is so far published only in: Özbekça

Davlatimiz rahbarining bir qator qarorlari bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida mablag‘lar sarflanishi jarayonida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar yuklatilgan.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik direktori o‘rinbosari Umed Mavlyanov rahbarligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida Jahon bankining xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining amalga oshirilishi jarayoni bilan tanishdi.

Loyiha doirasida Zomin, Baxmal, Forish va Yangiobod tumanlarining 28 ta qishlog'ida 68 ta subloyihani amalga oshirish belgilangan.

O‘rganishlarga ko‘ra, bugungi kun holatiga jami 200,8 mlrd so‘mlik (97,3 foiz) qurilish montaj ishlari amalga oshirilgan hamda 197,6 mlrd so‘mlik (95,7 foiz) mablag‘lar moliyalashtirilgan.

Ishchi guruh loyiha doirasida Zomin tumani, Chorvador MFYda rekonstruksiya qilingan 220 o‘ringa mo‘ljallangan 10-maktab bilan tanishib chiqdi.

Zomin tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, tuman mutasaddilari, loyihani amalga oshirish guruhi vakillari hamda mahalliy aholidan loyihaga jamoatchilik asosida jalb qilingan faol fuqarolar guruhi ishtirokida loyiha doirasida bajarilgan ishlar yuzasidan taqdimot tashkil etilib, mavjud muammolar muhokama qilindi.

Ishchi guruh tomonidan mas'ullarga loyiha doirasidagi ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Loyihani amalga oshirish davomida mablag‘larning maqsadli sarflanishi va bu jarayonlarda ochiqlikning ta’minlanishi bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Related materials