G‘ijduvon tumanida “Korrupsiyadan holi hudud” dasturi ijrosi o‘rganildi
This material is so far published only in: Özbekça
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umed Mavlyanov Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida “Korrupsiyadan holi hududga aylantirish” bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xususan, tumandagi 5-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi hamda 16-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida GRACE taʼlim dasturining joriy etilishi, shuningdek “Tarbiya” fani doirasida “Halollik darslari”ning o‘tilishi o‘rganildi.

Shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni to‘liq autsorsing asosida yo‘lga qo‘yish, sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda xavfsiz muhit yaratish maqsadida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish masalalari masʼullar bilan muhokama qilindi.

Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona faoliyati o‘rganilganda bemorlarni dori-darmon bilan taʼminlash bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Biroq, korrupsiyaga oid holatlar haqida xabar berish uchun mo‘ljallangan ishonch telefonlari ishchi holatda emasligi, shuningdek, ona va bolani kuzatish jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish mexanizmlari to‘liq joriy etilmagani aniqlandi.

Bozor va savdo komplekslarida savdo xizmatlarini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotga barham berish orqali korrupsiyaning oldini olish choralariga alohida eʼtibor qaratildi. Aniqlangan ayrim kamchiliklarni joyida bartaraf etish yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati