Virtual reception

Germaniya delegatsiyasi vakillari O‘zbekistonning aksilkorrupsiya siyosatidagi muhim islohotlar bilan tanishdi

Top news 1 879 views

This material is so far published only in: Özbekça

Joriy yilning 10-oktyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva Berlin federal yerining adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha senatori Felor Badenberg boshchiligidagi Germaniya delegatsiyasini Agentlik binosida qabul qildi.

Uchrashuv avvalida xorij tomoni O‘zbekistonning aksilkorrupsiya islohotlari, jumladan, sohaga oid qonunchilik, Agentlikning faoliyat yo‘nalishlari, hududiy kengashlar va komplayens-nazorat tuzilmalari faoliyati, davlat xaridlari monitoringi, ochiqlikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholashga oid mexanizmlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik samaralari haqida xabardor qilindi.

Agentlik rahbari o‘rinbosari xorijiy tomonga Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati vakolatxonasi (GIZ) va Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan sohadagi muhim chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda o‘zaro manfaatdor hamkorlik o‘rnatilganligini alohida eʼtirof etgan holda idoralararo aloqalarni yana-da mustahkamlash bundan buyon ham ahamiyatli ekanini taʼkidladi.

O‘z navbatida, F.Badenberg mamlakatimizning aksilkorrupsiya sohasida qisqa vaqt ichida erishgan natijalarini yuqori baholab, Germaniyaning mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or amaliyotlari haqida maʼlumot berib o‘tdi va o‘zaro ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashishga tayyorligini maʼlum qildi.

Yakunda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Related materials