Buxoro viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si doirasidagi dastlabki ishlar muhokama qilindi
This material is so far published only in: Özbekça
Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lari ijrosini monitoring qilish bo‘yicha tashkil etilgan Ishchi guruh hududiy ishchi guruhlar faoliyatini hamda har bir belgilangan vazifaning sifatli amalga oshirilishini nazorat qilish tadbirlarini davom ettirmoqda.

Xususan, Ishchi guruh rahbarlari - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev ishtirokida Buxoro viloyatida “Yo‘l xaritasi” doirasidagi dastlabki ishlar muhokamasi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda "Yo‘l xarita"da korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, energetika, kadastr sohalarida korrupsiya omillarini aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosi, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida to‘xtalib o‘tildi.

-Joriy yil boshidan buyon Agentlik xodimlari hamda Ishchi guruhlar tomonidan viloyatda uch marta o‘rganish o‘tkazildi. Har galgi o‘rganishda ochiqlikni taʼminlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, aloqa kanallari orqali kelib tushgan korrupsiyaga oid murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish mexanizmlari, manfaatlar to‘qnashuviga hamda davlat xizmatida tadbirkorlik faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirish berilgani va jazo choralari qo‘llanilganiga qaramay, mazkur muammolar hali-hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu masalalarga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan qatʼiy chora ko‘rilishi davom ettiriladi, - dedi Akmal Burxanov.

Yig‘ilishda “Yo‘l xarita”si ijrosi uchun masʼullarga sohalarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati