Virtual reception

Biznes-ombudsmanlar va IV Biznesda halollik forumi bo‘lib o‘tdi

Top news 1 695 views

This material is so far published only in: Özbekça

21-oktabr kuni Toshkentdagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etilgan Biznes-ombudsmanlar va IV Biznesda halollik xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumning asosiy maqsadi – tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishning institutsional mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, ishbilarmonlik etikasi, shaffoflik va korrupsiyaga qarshi komplayens sohasidagi xalqaro ilg‘or tajribalarni muhokama qilish uchun muloqot platformasi yaratishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur nufuzli tadbir Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Konrad Adenauer nomidagi jamg‘arma, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi kabi qator yirik xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.

Forum turli mamlakatlarning huquqni himoya qilish institutlari, davlat organlari, biznes vakillari va ekspertlar uchun tajriba almashish, tizimli muammolarni muhokama qilish va halol biznes amaliyotlarini ilgari surish uchun samarali platforma yaratdi.

Tadbirda 10 ga yaqin mamlakatdan, jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon inson huquqlari institutlari, IHTT, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (Avstriya), YEXHT (Ruminiya)ning korrupsiyaga qarshi kurash ekspertlari, Fransiya Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, AmCham (Amerika Savdo Palatasi), Transparency International (Latviya), Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki kabi xalqaro moliya institutlari, shuningdek, SOCAR Midstream Gas Operations (Ozarbayjon), UzAuto Motors va Uzbekistan Airways kabi yirik xalqaro kompaniyalarning 250 nafar vakillari (oflayn va onlayn) ishtirok etdi.

Joriy yilda Biznes-ombudsmanlar xalqaro forumi va 2021 yildan buyon anʼanaviy o‘tkazib kelinayotgan “Biznesda halollik” forumi yagona tadbirga birlashtirildi va sessiyalarga bo‘lindi.

4 ta sessiya quyidagi mavzularda o‘tkazildi:

«Biznes-ombudsman institutlarini rivojlantirish: mintaqaviy tajriba tahlili va asosiy xulosalar»;

«Tadbirkorlar shikoyatlari: Biznes-ombudsmani va boshqa himoya mexanizmlari»;

«Davlat va xususiy tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kompleks dasturlarni ishlab chiqish: standartlardan amaliyotga»;

«Biznesda halollikni rag‘batlantirish va ilgari surish mexanizmlari: axloqiy amaliyotlarni taʼminlash uchun stimullar».

Ushbu forum tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish, halollik va shaffoflikni biznes madaniyatining ajralmas qismiga aylantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashitsh agentligi
Axborot xizmati

Related materials