Virtual reception

Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish masalalariga oid matbuot anjumani o‘tkazildi

Top news 2 675 views

This material is so far published only in: Özbekça

Joriy yilning 3 iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Xalqaro press-klub hamkorligida “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori mazmun-mohiyati, yangiliklari va ahamiyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda ikki idora rahbariyati va masʼul xodimlari, OAV vakillari, jurnalist va blogerlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qaror “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirib borishning keng qamrovli tizimini joriy etish maqsadida qabul qilindi. Shu munosabat bilan 2025-yil 1 yanvardan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasini (Virtual akademiya) joriy etish belgilandi.

Virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Anjumanda masʼullar bu borada o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan ishlar, vazifa va maqsadlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Xususan, Agentlik o‘qitilishi lozim bo‘lgan davlat xizmatchilari kontingentini shakllantiradi va Akademiya bilan kelishgan holda yillik o‘qitish reja-grafigini tasdiqlaydi, o‘quv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib boradi, har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga Virtual akademiya faoliyati yuzasidan axborot kiritiladi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Virtual akademiyaning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi, o‘quv jarayonini tashkil etadi, o‘qitish natijalari bo‘yicha elektron maʼlumotlar bazasini shakllantiradi, tinglovchilarning reyestrini yuritadi.

Virtual akademiyada fuqarolarning barcha qatlamlari, jumladan aholi, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari, davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari, davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlarini o‘qitish amalga oshiriladi.

Virtual akademiyada o‘qitish bazaviy kurslardabarcha uchun bepul, maxsus (chuqurlashtirilgan) kurslarda esa to‘lov-shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlarni yana-da jadallashtirish va sifatini oshirish maqsadida Agentlik oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tavsiyaviy yillik ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantiradi, barcha oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini har yili taqdim etib boradi.

O‘z navbatida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mazkur sohada sohasidagi yutuqlar, milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy-amaliy ishlanmalar va ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha elektron maʼlumotlar bazasini yuritadi.

Matbuot anjumani mobaynida mazkur qaror asosida tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasining samarali faoliyatini taʼminlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” xususida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Unga muvofiq, 2025 yil 1 yanvarga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

2024 yil 1 oktyabrga qadar Virtual akademiyada tashkil etiladigan maxsus dasturlar va kontent ishlab chiqiladi.

Platformada taʼlim oluvchilar uchun Korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturi doirasida sifatli multiplikatsion film, videolavha va audiomateriallarni yaratish choralari ko‘riladi.

Matbuot anjumanida qaror ijrosi doirasida amalga oshiriladigan vazifalar, yangi mexanizmlar bo‘yicha OAV vakillari, bloger va jamoatchilik faollarining savollariga masʼullar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Axborot xizmatlari

Related materials