O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamaymoqda
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘ida o‘tgan yilga nisbatan kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan ayblov hukmi chiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 4 128 tani tashkil qilib, 2022 yilga (4 607 ta) nisbatan 479 taga yoki 11 foizga kamaygan.
O‘tgan yili Respublika bo‘yicha jami 6 535 nafar shaxs (2022 yilda 7 414 nafar) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, 2022 yilga nisbatan javobgarlikka tortilganlar soni 879 nafarga yoki 12 foizga kamaygan.
Javobgarlikka tortilgan 6 535 nafar shaxsning 1 076 (1482) nafari yoki 16,4 foizi (20 foizi) ozodlikdan mahrum etilgan.
Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish - 2 067 (2 145), pora berish - 894 (1 061), firibgarlik - 769 (937), pora olish -121 (155) va hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish - 125 (117) hisoblanadi.
2023 yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni Andijon 971(913), Sirdaryo 472(459), Surxondaryo 332 (302) viloyatlarida oshgan. Sohalar kesimida o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, xo‘jalik yuritish va tadbirkorlik – (1 550 /1 435ta), taʼlim - (586 /778ta), bank sohasida – (323/381ta), sog‘liqni saqlash – (320/384) va huquqni muhofaza qilish (211/222) sohalarida eng ko‘p Korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 12 nafari (27) respublika, 319 nafari (270) viloyat, 5024 nafari (5755) tuman - shahar miqyosidagi davlat tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Jinoyatlar tahlili ko‘rsatishicha, muqaddam sudlangan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratib bermoqda. Jumladan, 2023 yilda 1 146 nafar (1 234) muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ularning 566 nafari (506) muqaddam sodir etgan Korrupsiyaviy jinoyatlari uchun sudlangan.
2022-2023 yillar davomida 876 nafar shaxs davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq holda sodir etilgan Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.
Mazkur jinoyatlarni sodir etganlarning 282 nafari sog‘liqni saqlash, 72 nafari xalq taʼlimi, 65 nafari maktabgacha taʼlim, qolgani boshqa soha vakillari tashkil etadi.
Sog‘liqni saqlash tizimiga fuqarolarni kichik tibbiyot xodimi, hamshiralik, feldsherlik va farrosh, maktabgacha taʼlim tizimiga tarbiyachi va texnik xodim, maktab taʼlimi tizimiga o‘qituvchi va texnik xodim sifatida ishga qabul qilishda korrupsiya holatlari, milliy gvardiya, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolarni pora berishga dalolat qilgan holda firibgarlik yo‘li bilan ishga kiritib qo‘yish holatlari nisbatan ko‘proq kuzatilgan.
Ushbu holatning yuzaga kelishiga ish qidirayotgan fuqarolarga davlat korxona, muassasa va tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida shaffof maʼlumotlar berish tizimi lozim darajada shakllanmaganligi o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda.
Davlat korxona, muassasa va tashkilotlarining mansabdor shaxslari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni yashirish orqali turli Korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etish uchun uchun o‘zlariga shart-sharoit yaratmoqda, ish beruvchi tomonidan mavjud vakant o‘rinlarga ishga joylashishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga nisbatan taʼmagirlik holatlari hamon uchrab turibdi.
Tahlil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan mazkur yo‘nalishdagi Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga kiritildi.
26.03.2024