Barcha tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) faoliyati samaradorligi o‘rganildi
Ma’lumki, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligi va shaffofligi ularda fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning o‘rnatilgani, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan og‘zaki va yozma murojaat qoldirish imkoniyatining mavjudligi, shuningdek, turli noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risida xabar berishga mo‘ljallangan aloqa vositalarining yaratilgani bilan baholanadi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-200-son Farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida Agentlikka “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatildi.
Agentlik tomonidan joriy yilning 9-15-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasi sirli mijoz ko‘rinishida o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan telefon raqamlariga ish kunining turli vaqtlarida bir necha bor qo‘ng‘iroqlar amalga oshirildi.
Natijada, quyidagi tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilib, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldirilganligi aniqlandi:
Qashqadaryo viloyati – 11 ta tuman va shahar hokimliklari (Dehqonobod, Qamashi, Qarshi, Kasbi, Kitob, Koson, Mirishkor, Muborak, Nishon, Chiroqchi, Ko‘kdala tumanlari va Shahrisabz shahar);
Andijon viloyati – 10 ta (Andijon, Buloqboshi, Bo‘ston, Ulug‘nor, Izboskan, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa tumanlari va Andijon hamda Xonobod shahar);
Toshkent viloyati – 8 ta (Chinoz, Bekobod, Oxangaron, Yangiyol, Toshkent, Quyi Chirchiq tumanlari va Yangiyo‘l hamda Nurafshon shahar);
Farg‘ona viloyati – 7 ta (Farg‘ona, Yozyovon, Dang‘ara, Furqat, O‘zbekiston tumanlari va Marg‘ilon hamda Quvasoy shahar);
Xorazm viloyati – 7 ta (Qo‘shko‘pir, Shovot, Urganch, Yangibozor, Tuproqqal’a tumanlari va Xiva hamda Urganch shahar);
Namangan viloyati – 6 ta (Norin, Pop, Uychi, Chortoq, Chust tumanlari va Namangan shahar);
Samarqand viloyati – 4 ta (Jonboy, Narpay, Oqdaryo va Pastdarg‘om tumanlari);
Surxondaryo viloyati – 4 ta (Oltinsoy, Jarqo‘rg‘on, Bandixon va Boysun tumanlari);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 4 ta (Kegeyli, Nukus, Taxtako‘pir tumanlari va Nukus shahar);
Toshkent shahri – 3 ta (Olmazor, Uchtepa va Yangihayot tumanlari);
Buxoro viloyati – 2 ta (Jondor va Olot tumanlari);
Sirdaryo viloyati – 2 ta (Boyovut shahar va Sirdaryo tumani);
Jizzax viloyati – 1 ta (Zomin tumani);
Navoiy viloyati – 1 ta (Xatirchi tumani).
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida 9 ta tuman va shahar hokimliklari (Asaka, Xiva, O‘rta Chirchiq, Hovos, Uzun, Sariosiyo tumanlari va Buxoro, Navoiy, Bekobod shaharlari hokimliklari) rasmiy veb-saytlarida ularga tegishli bo‘lgan ishonch telefonlari e’lon qilinmaganligi, Qorovulbozor, Romitan, Shofirkon, Vobkent tumanlari va Buxoro shahar hokimliklarining rasmiy veb-sayti ishchi holatda bo‘lmaganligi hamda Forish, Tomdi, Parkent, So‘x, Qorao‘zak, Xo‘jayli tumanlari va Guliston, Chirchiq shaharlari hokimliklarining telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinganda, mas’ul xodimlar tomonidan og‘zaki murojaat qoldirish imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Shu kabi, Parkent va So‘x tumanlari hokimliklari bilan bog‘lanilganda, qo‘ng‘iroqqa hokimlikning murojaatlarni qabul qilishga mas’ul bo‘lgan xodimlari emas, aksincha hokimlikning qo‘riqlash xizmati hodimlari javob berganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi.
19.07.2024