Rasmiy munosabat
“Daryo” internet-nashrida eʼlon qilingan xabar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Agentlik o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlarida qonuniylik, ochiqlik va hisobdorlik prinsiplariga qatʼiy amal qilib kelmoqda.
Jumladan, “E-anticor.uz“ elektron tizimini yaratish, moliyalashtirish va takomillashtirish bilan bog‘liq barcha jarayonlarga oid maʼlumotlar tegishli manbalarda o‘z vaqtida keng jamoatchilik uchun ochiq eʼlon qilib borilmoqda:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PQ-5177-son qarori 6-bandining ijrosini taʼminlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining so‘roviga asosan “E-anticor.uz“ elektron tizimini yaratish maqsadida BMT TD tomonidan eʼlon qilingan tender yakunlari bo‘yicha “Taʼlim sifat invest” XK g‘olib deb topilgan. BMT TD O‘zbekistondagi vakolatxonasining grant mablag‘lari hisobidan “E-anticor.uz“ elektron tizimi ishlab chiqilib, 2022-yil 1-martdan ishga tushirilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qarorining 5-bandi ijrosi doirasida Agentlik tomonidan “E-anticor.uz“ elektron tizimi takomillashtirilgan va modernizatsiya qilingan. Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 2018 yil 27-sentyabrdagi PQ-3953-son Prezident qarori ilovasining 5-bandiga asosan Agentlik va “Taʼlim sifat invest” XK o‘rtasida 350 mln so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Shartnoma davlat xaridlari maxsus axborot portaliga 2022-yilning 9-avgust kuni joylashtirilgan:

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori 6-bandi va qaror 2-ilovasining 11-bandi hamda 2022-yil 22-avgustdagi 357-son qarori 2-ilovasining 50-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan “E-anticor.uz“ elektron tizimi takomillashtirilgan. Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 2018 yil 27-sentyabrdagi PQ-3953-son Prezident qarori ilovasining 5-bandiga asosan Agentlik va “Taʼlim sifat invest” XK o‘rtasida 300 mln so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Shartnoma davlat xaridlari maxsus axborot portaliga 2023-yil 12-oktyabr kuni joylashtirilgan:

4. O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 6-maydagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni hamda 2024-yil 5-iyundagi PQ-210-son Prezident qarori 4-bandi ijrosi doirasida Agentlik tomonidan “E-anticor.uz“ elektron tizimi takomillashtirilgan. Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 2018-yil 27-sentyabrdagi PQ-3953-son Prezident qarori ilovasining 5-bandiga asosan Agentlik va “Taʼlim sifat invest” XK o‘rtasida 990 mln so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Shartnoma davlat xaridlari maxsus axborot portaliga 2024-yil 30-centyabr kuni joylashtirilgan. Mazkur shartnoma G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi tomonidan o‘rganilib, mavjud texnik xatolarni to‘g‘irlash va qo‘shimcha maʼlumotlar kiritilishi to‘g‘risida eʼtirozlar bildirilgan:

G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining talabi inobatga olinib, qo‘shimcha maʼlumotlar ilova qilingan holda Agentlik tomonidan mazkur shartnoma Davlat xaridlari maxsus axborot portalida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi “Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 249-sonli qarori asosida 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab, tuzilgan shartnomalar jamoatchilik nazoratidan o‘tkaziladi) 2024-yil 16-oktyabr kuni qayta joylashtirilgan:

Maʼlumot uchun: Mazkur elektron tizimni takomillashtirish va modernizatsiya qilish uchun potensial yetkazib beruvchilardan eng maqbul narxlarni so‘rash yo‘li bilan o‘rganilgan. Bunda:
- “Unicon.uz” MCHJ tomonidan ishlarni bajarish 9 oy muddat bilan dastlabki narxi 2,2 mlrd so‘m taklifi berilgan;
- “UZINFOCOM” MCHJ tomonidan ishlarni bajarish 3 oy muddat bilan dastlabki narxi 1,4 mlrd so‘m taklifi berilgan.
Agentlik OAV vakillari va blogerlarni jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlarni xolis va haqqoniy yoritib borishda ular bilan hamkorlikka doim tayyor va ochiq ekanligini bildiradi.
Shu bilan birga, soha vakillarini tasdiqlanmagan va rasmiy manbalarga tayanilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati