Qoraqalpog‘istonda ochiqlik va korrupsiyaga qarshi choralar samarasi o‘rganildi

Qoraqalpog‘istonda ochiqlik va korrupsiyaga qarshi choralar samarasi o‘rganildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umed Mavlyanov rahbarligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Nukus tumanlarida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o‘rgandi.

O‘rganishlarga ko‘ra, To‘rtko‘l tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish dasturi doirasida 5 yildan ortiq vaqt mobaynida faoliyat yuritib kelayotgan 22 nafar maktab direktori, 19 nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbari va 1 nafar tibbiyot muassasasi rahbari rotatsiya qilindi.

“El-rizqi” dehqon bozorini raqamlashtirish natijasida oylik tushum 35 foizga (335 mln so‘m) oshdi. Davlat idora va tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlarini yashirgan 18 nafar mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, qatʼiy nazorat o‘rnatilishi orqali bunday holatlar sezilarli kamaygani qayd etildi.

O‘rganishlar davomida qurilish, sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan choralar tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, nazorat tadbirlariga “Tashabbuskor guruhlar” jalb etilayotganiga alohida e'tibor qaratildi.

O‘rganish yakunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilinib, masʼullarning hisobotlari eshitildi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

O‘rganish doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi A. Atajanov hamda To‘rtko‘l tumani hokimi I. Xudaybergenov Agentlik direktorining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati