“O‘zsuvtaʼminot” AJ tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar o'rganildi

“O‘zsuvtaʼminot” AJ tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar o'rganildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “O‘zsuvtaʼminot” AJ tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar tahlil qilindi.

Tahlil davomida 2023-2024-yillar hamda joriy yilning 6 oyi mobaynida tuman miqyosidagi tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan maʼmuriy-boshqaruv xodimlar tomonidan sodir etilgan talon-toroj qilish, firibgarlik hamda poraxo‘rlik bilan bog'liq jinoyatlar umumiy korrupsiyaviy jinoyatlarning asosiy qismini tashkil etayotganligi aniqlandi.

Xususan, quyidagi yo‘nalishlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda:

➖nazorat tadbirlarini o‘tkazish va xizmatlar uchun to‘lovlarni hisobga olish;

➖ suv taʼminoti sohasidagi qurilish-taʼmirlash ishlari;

➖ish haqi va rag‘batlantirish to‘lovlarini hisoblash;

➖davlat xaridlari, xususan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar doirasida o‘tkazilgan xaridlarni amalga oshirish.

Tahlil natijasiga ko‘ra, korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuzaga kelishiga quyidagilar sabab bo‘lmoqda:

▫️ jarayonlarning yetarli darajada raqamlashtirilmaganligi;

▫️ko‘plab funksiyalarni amalga oshirilishida “inson omili”ning saqlanib qolayotganligi;

▫️masofaviy monitoring yuritish amaliyotining to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi;

▫️ faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning mavjudligi.

Tahlil mobaynida aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga oid takliflarni majburiy tartibda ko‘rib chiqish hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan kompleks preventiv chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo'yicha “O‘zsuvtaʼminot” AJga taqdimnoma kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident qaroriga asosan huquqiy eksperiment tariqasida 5 ta idora, jumladan, “O‘zsuvtaʼminot” AJ ning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati