“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalar ijrosi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalar ijrosi

Bugun AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva ishtirokida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan briifng bo‘lib o‘tdi.

Taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining  89-maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi 2030 yilgacha erishiladigan samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilandi. Ular:

– «Transparency International» xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida Mamlakatimiz o‘rnini 50 pog‘onaga ko‘tarilishiga erishish;

–Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini 2 barobarga kamaytirish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini to‘laqonli joriy qilish va 100 foiz normativ-huquqiy hujjatlarning «korrupsiyadan xoli qonunchilik» tamoyili asosida ishlab chiqilishini taʼminlash.

Ushbu maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan
Chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib,  uning ijrosi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan quyidagilar amalga oshirildi:

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun bilan MJtKning 1758-moddasining (Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) sanksiyasi kuchaytirilib, jarima summasi miqdorini oshirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, ushbu modda bilan avval faqat mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan bo‘lsa endilikda qonun loyihasiga ko‘ra,  mansabdor shaxslar bilan birgalikda davlat xaridlariga masʼul bo‘lgan ijrochi xodimlarni ham javobgarlikka tortish taklif etilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Qonun bilan davlat organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish tartibi hamda normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar belgilandi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish jarayonida ishtirok etishi mumkinligi belgilandi.

 Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi hamda hududiy kengashlar faoliyatini yana-da takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib,  Milliy kengashga kiritildi.

Yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish maqsadida Respublika oliy taʼlim muassasalarida Aksilkorrupsiya kovorking markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda va barcha oliy taʼlim muassasalarida talabalar uchun o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan YouthLed loyihasi ishga tushirildi.

Agentlik tomonidan davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida korrupsiyaning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va tahlil qilish maqsadida 30 dan ortiq yo‘nalishda o‘rganishlar olib borilib, natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va boshqa tashkilotlarga 40 ta tahliliy maʼlumot kiritildi.

Xususan, yoqilg‘i energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, davlat xaridlari, taʼlim va yerdan foydalanish sohalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlar tahlil qilinib, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlariga 189 ta taqdimnomalar kiritilib, mansabdor shaxslarning korrupsiya belgilari mavjud bo‘lgan qarorlari bekor qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati