Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida Davlat dasturi ijrosi hamda yaqin istiqbolda belgilanayotgan vazifalar muhokama qilindi
Joriy yilning 21-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosi hamda 2025-2026 yilga belgilangan davlat dasturi loyihasi va kengashga oid tashkiliy masalalar muhokama etildi.

Dastlab kengash aʼzolariga 2023-yilning 27-noyabr kuni qabul qilingan PF-200-son Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturi ijrosi to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, Davlat dasturida 9 ta yo‘nalishda 30 ta banddan iborat vazifa va topshiriqlar belgilangan bo‘lib, barchasining ijrosi taʼminlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirishga qaratilgan 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi.

Davlat organlarining ochiqligini taʼminlash, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha yangi axborot tizimlari ishga tushirildi.
NNTlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mavzularida Oliy Majlis fondi va uning hududlardagi bo‘linmalari tomonidan 1 mlrd 784 mln 400 ming so‘mlik grant tanlovlari eʼlon qilindi, 41 ta seminar tashkil etilib, unda 680 nafar NTT va OAV vakillarining malakasi oshirildi.
Davlat dasturi ijrosi doirasida Jamoatchilik kengashi aʼzolari ham o‘z fikrlarini bildirdi.
Xususan, “Demokratiya va inson huquqlari instituti” respublika jamoat birlashmasi direktori o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi raisi F.Otaxonov davlat dasturi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan, lekin hozirda yuqori instansiyalarda ko‘rib chiqilyotgan loyihalarning qabul qilinguniga qadar ularni nazorat qilib borish lozimligini, shuningdek davlat dasturidagi vazifalarning sifatli ijro etilganligini o‘rganib, qo‘shimcha ravishda masʼullarga topshiriq berish orqali amaliyotga samarali joriy etilishini taʼminlash kerakligi to‘g‘risida fikr bildirdi.
"Mening Yurtim (MY5)" telekanali ijtimoiy-siyosiy loyiha rahbari Yu.Olimova dastur doirasidagi bandlarning bajarilganlik darajasini faqatgina davlat organlari tomonidan berilgan maʼlumotlar bilan baholamasdan, so‘rovnoma orqali aholi fikrini inobatga olgan holda baholash lozimligini taʼkidladi.

Mazkur Farmon bilan 2025-yil yanvar holatiga Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar soni 42 taga yetkazildi. Yig‘ilishda ushbu ro‘yxatni yana-da kengaytirishni taʼminlash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Kun tartibidagi ikkinchi masalada Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi taqdimoti amalga oshirildi.
Qayd etilganidek, davlat dasturi loyihasida davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, institutsional asoslarni takomillashtirish, javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan 7 ta ustuvor yo‘nalishda vazifalar belgilandi.
Kengash aʼzolari dasturdagi lobbi faoliyatini normativ-huquqiy tartibga solish, davlat xizmatchilarining xorijda hisobraqamlar ochish ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishiga oid cheklov o‘rnatishning aniq tartibini belgilash, xodimlarni “halollikka tekshirish” institutini joriy etish, korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasini yuritishga mo‘ljallangan yagona dasturiy taʼminotni yaratish kabi vazifalarga alohida eʼtibor qaratishdi.

Shuningdek, kengash aʼzosi O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi A.Tashanov dasturda OAV vakillari uchun surishtiruv jurnalistikasi, tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish borasidagi ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil etish hamda jurnalistika yo‘nalishi mavjud oliy taʼlim muassasalarida sud jurnalistikasi fanini majburiy fan sifatida o‘qitilishini yo‘lga qo‘yish tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Bundan tashqari, davlat dasturi loyihasiga tadqiqotlar o‘tkazib o‘zbek xalq maqollaridagi korrupsiyani oqlaydigan (Masalan, “Yegan og‘iz uyalar”), yoshlar ongida korrupsiyaga ijobiy holat ekanligini ko‘rsatadigan maqollarni adabiyotlardan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni kiritishni taklif etdi.
O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘qituvchisi I.Maxmudov loyihaga oliy taʼlim talabalarining baho olishga bo‘lgan munosabatini o‘rganish, oliy taʼlim muassasalarining korrupsiyalashganlik indeksini ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Yig‘ilishda jamoatchilik kengashining 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasi ham muhokama etildi va tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati