Yangi qonunning mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Joriy yilning 25-avgust kuni  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun  “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Unda Adliya vazirligining masʼul xodimi tomonidan qonun bilan tartibga solinayotgan masalalar:

· normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining asosiy prinsiplari;
·    korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazadigan organlar va ularning vakolatlari;
·    normativ-huquqiy hujjatlardagi va ularning loyihalaridagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar;
·    korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish tartibi;
·    ushbu qonunni buzganlik uchun javobgarlik hamda belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan monitoring yuzasidan taqdimot qilindi.

Seminar mobaynida   normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlari batafsil ko‘rib chiqildi.Qonunga ko‘ra, Agentlik davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi o‘tkazilishi chog‘ida ularga Adliya vazirligi bilan birgalikda uslubiy yordam ko‘rsatadi. 

Seminarda mazkur masala yuzasidan ham o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati