Sharof Rashidov tumanini “korrupsiyadan xoli” hududga aylantirish dasturi ijrosi o‘rganildi

Sharof Rashidov tumanini “korrupsiyadan xoli” hududga aylantirish dasturi ijrosi o‘rganildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi ishchi guruh Sharof Rashidov tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ijrosini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida asosiy eʼtibor davlat idoralari faoliyatini raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish hamda kadrlar siyosatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalariga qaratildi.

Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi tomonidan dars taqsimoti jarayonida inson omilini kamaytirish maqsadida “EduTrack” axborot tizimi joriy etilgan. Bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlar tegishli elektron platformalar orqali muntazam eʼlon qilib borilmoqda.

Rahbar xodimlar Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida bilim va malakalarini doimiy tarzda oshirib kelmoqda.

Ishchi guruhning 32-umum taʼlim maktabida olib borgan o‘rganishlariga ko‘ra, “GRACE” dasturi taʼlim jarayoniga izchil tatbiq etilmoqda.

Xususan,maktab kutubxonasida “lib-edu.uz” raqamli kutubxona tizimi joriy qilingan.

29-maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyatida esa dastur doirasidagi ayrim vazifalar ijrosida kamchiliklar aniqlandi.

Jumladan, issiq ovqat tayyorlash xizmati autsorsing tizimiga o‘tkazilmagani, muassasa hududida videokuzatuv kameralari o‘rnatilmagani qayd etildi.

Dastur ijrosi doirasida tuman tibbiyot birlashmasi tizimida 5 yildan ortiq muddat davomida faoliyat yuritib kelayotgan 19 nafar rahbar xodim rotatsiya qilingan. Bugungi kunda fuqarolar qabuli elektron tartibda amalga oshirilmoqda, xizmatlar “DMED” axborot tizimi orqali ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, muassasa va unga qarashli obyektlarda videokuzatuv tizimi hamda situatsion markaz tashkil etilgan. Monitorlar orqali korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

O‘rganish yakunlari hamda dastur ijrosiga oid muhim masalalar Agentlik direktori, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi.

Muhokama davomida masʼul rahbarlarning amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, har bir band ijrosi bo‘yicha shaxsiy javobgarlikni va nazoratni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati