Oltiariq tumanini "korrupsiyadan xoli hududga aylantirish" chora-tadbirlari ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqilmoqda
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanini “korrupsiyadan xoli hududga aylantirish” bo‘yicha yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosini o‘rganmoqda.

Dastlab, “Agrobank” ATB tuman filialida kredit mablag‘lari va subsidiyalar ajratish jarayonida shaffoflikni ta‘minlash, aholining xabardorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Aniqlangan ayrim kamchiliklarni joyida bartaraf etish yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi va tez tibbiy yordam bo‘limida o'tkazilgan o'rganishlarda tibbiyot muassasalarida vakant lavozimlarga tanlovsiz ishga qabul qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha doimiy nazorat tadbirlari ijrosi yetarli darajada ta‘minlanmayotgani tanqid qilindi.

Tuman markaziy dehqon bozorida savdo jarayonlarini raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga chek qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish chog‘ida bir martalik yig‘imlar hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni inson omilisiz amalga oshirish, avtoturargohlar faoliyatini tartibga solish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, tumanda kadastr sohasini raqamlashtirish, byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda ochiqlikni ta‘minlash bo‘yicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish masalalari mas‘ullar bilan muhokama qilindi.

O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklar, xususan, yo‘l xaritasida belgilangan ayrim bandlar ijrosi taʼminlanmagani keskin tanqid qilindi.
Masʼullarga mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, ijro intizomini kuchaytirish va shaxsiy javobgarlikni oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati