Kosta-Rikada Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotning taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi
Qatar Amiri Shayx Tamim Ol Soniy tomonidan taʼsis etilgan “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak mukofoti”ning bu yilgi – 8-tantanali topshirish marosimiga Kosta-Rika Respublikasi mezbonlik qildi.
Nufuzli marosimda xorijiy oliy martabali mehmonlar, dunyoning turli mamlakatidan yetakchi ekspertlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Marosim doirasidagi uchrashuvlar mobaynida O'zbekistonning aksilkorrupsiya islohotlari xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.

Tantanali tadbir oldidan Kosta-Rika Respublikasi Prezidenti Rodrigo Chaves Robles hamda Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy ishtirokida San-Xose shahridagi Parque Espana hududida xalqaro mukofotning ramziy monumenti ochildi.
Kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi.

Ma'lumot o'rnida: O‘tgan yili O‘zbekiston “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak mukofoti”ning 2023-yilgi sohiblarini tantanali taqdirlash marosimiga ilk marotaba mezbonlik qildi.
Xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini ifodalovchi monument esa “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududiga o‘rnatilgan.

“Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yutuqlari uchun” xalqaro mukofoti korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilg‘or yangiliklarni joriy etgan shaxslar va tashkilotlarga beriladi.
Anʼanaga muvofiq, bu yil ham 5 ta nominatsiya bo‘yicha mukofot g‘oliblari taqdirlandi va ular quyidagilar:
1.“Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi yutuqlari hamda uzoq yillik faoliyati uchun” — doktor Muna D. Buchaxin (Meksika);
2.“Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi taʼlim va akademik tadqiqotlar uchun” nominatsiyasi bo‘yicha — professorlar Robert Klitgaard (AQSH) va Alberto Vannuchchi (Italiya);
3.“Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid yoshlar tashabbuslari va daxldorligi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha — Gayo Jeyms Mpuya (Tanzaniya) va Mejor Mexico tashkiloti (Meksika);
4.“Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid innovatsiyalar va jurnalistik materiallar uchun” nominatsiyasi bo‘yicha — Xadicha Sharifa xonim (Janubiy Afrika);
5.“Sportni korrupsiyadan xoli qilish” nominatsiyasi bo‘yicha — doktor Rodrigo Arias Grillo (Ispaniya) va professor Ilias Bantekas (Gretsiya).
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati