Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyotiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Joriy yilning 21-yanvar kuni davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens-nazorat)ning 200 nafardan ziyod xodimlari uchun “E-anticor.uz” elektron platformasidan foydalanish tartibi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyotiga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazildi.
Mazkur tadbir davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qaroriga muvofiq, ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularga uslubiy yordam berish borasida Agentlik tomonidan muntazam tashkil etib kelinayotgan o‘quvlarning navbatdagisidir.
Maʼlumki, 2022-yil 1-sentyabridan boshlab, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholash tartibi joriy etildi.

Unga ko‘ra, har yili 1 martga qadar Agentlik tomonidan tasdiqlangan Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti asosida davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalardagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalari asosida aniqlanib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasi past, o‘rta, yuqori o‘lchovlarda baholanadi.
Xususan, 2024 yilda 101 ta davlat organlari va tashkilotlarining 7 525 ta funksiyalaridan 495 tasi korrupsiya xavf-xatar darajasi “yuqori”, 1 541 tasi “o‘rta”, 5 489 tasi “past” baholandi va Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri shakllantirildi.

Seminarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va to‘g‘ri baholash tartiblari, mezonlari, davriyligi, baholash natijalari bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, bu borada o‘tgan davrdagi amaliyot va tajriba muhokama qilindi. Har bir aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish bo‘yicha choralarni o‘z ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini tuzish masalasi amaliy misollarda ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “E-anticor.uz” elektron platformasiga maʼlumotlarni kiritish tartibiga eʼtibor qaratilib, bu borada ishtirokchilar duch kelayotgan muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Ishtirokchilarga korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va kamaytirish bo‘yicha zarur maʼlumotlar, kerakli tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati