Komplayens-nazorat bo‘linmalari faoliyati tanqidiy muhokama qilindi
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yilni korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulodda holat” deb e’lon qilingani asosida komplayens nazoratini takomillashtirish bo‘yicha ishlar holati va ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda sohaga oid davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning 2030-yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish orqali tizimli korrupsiyaviy holatlarni oldini olish ekanligi qayd etildi.
Qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar natijasida yangi komplayens nazorati tizimi orqali jinoyat ishlari doirasida 4,2 trln so‘m, yashirin iqtisodiyot ulushini jilovlash hisobiga 8,5 trln so‘m miqdoridagi mablag‘larning undirilishi muvofiqlashtirilgani hamda 1,3 trln so‘mlik ortiq budjet mablag‘lari xarajatlari oldi olinganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, ichki nazorat tuzilmalari mustaqilligi va samarali faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratilayotgan bo‘lishiga qaramay, ayrim bo‘linmalar faoliyatida hanuzgacha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotgani keskin tanqid qilindi va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ochiq muhokama qilindi.
Birinchidan, komplayens bo‘linmalarining asosiy vazifasi korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli preventiv choralarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘lsada, aksariyat davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyati talab darajasida ish tashkil etilmagan.
Shuningdek, ayrim davlat organlarida komplayens bo‘linmalari qonunchilikda belgilangan minimal mezonlar asosida tashkil etilmagan.
O‘rganilgan 50 ta tashkilotning 23 tasida bu talablar bajarilmagan.
Ikkinchidan, ayrim vazirlik va hokimliklarda nazorat tadbirlari umuman o‘tkazilmagan. Ba’zi tashkilotlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda esa moliyaviy qonunbuzilishlar umuman aniqlanmagan, bu esa nazorat samaradorligiga shubha uyg‘otadi.
Uchinchidan, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha ishlar yetarlicha samara bermayapti.
Xususan, joriy yilning o‘zida manfaatlar to‘qnashuvi yo‘l qo‘yganlik bo‘yicha 105 ta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
To‘rtinchidan, ayrim davlat organlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilmayapti.
Beshinchidan, komplayens tizimida kadr va tashkiliy muammolar saqlanib qolmoqda, ayrim lavozimlar uzoq vaqt vakant holatda qolmoqda.
Oltinchidan, davlat xaridlari sohasida korrupsiya xavfining yuqoriligi saqlanib qolmoqda.
So‘nggi yillarda 800 nafardan ortiq shaxs ushbu yo‘nalishda jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati tomonidan vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish va komplayens tizimini natijador mexanizmga aylantirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilab berildi.
Xususan, bundan buyon komplayens bo‘linmalarining asosiy vazifasi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish ekanligi qayd etilib, ushbu bo‘linmalar faoliyati natijadorligi korrupsiyaviy omillarni erta aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha preventiv choralarni samarali amalga oshirishga qarab baholanishi belgilandi.
Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi qayd etildi.
Yig‘ilish doirasida komplayens-nazorat bo‘linmalari rahbarlarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati