Davlat xizmatida halollikni taʼminlashda xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi

Davlat xizmatida halollikni taʼminlashda xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Davlat boshqaruvida korrupsiyaga qarshi kurashish va halollik bo‘limi rahbari Yesper Yonsen o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda IHTT tomonidan ishga tushirilgan “Davlat xizmatida halollikni taʼminlash indikatorlari” xalqaro tashabbusiga O‘zbekistonning qo‘shilishi masalasi muhokama qilindi.

2020-yilda ishga tushirilgan mazkur tashabbusga IHTTga aʼzo davlatlarning barchasi qo‘shilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – milliy darajada davlat xizmatida halollik darajasini oshirishga ko‘maklashish, davlat xizmatida turli xil korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va oldini olishdan iborat. Shu maqsadda IHTT Kengashi tomonidan Davlat xizmatida halollikni taʼminlash bo‘yicha Tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur Tavsiyalarning bajarilishi holati 13 ta indikatorlar asosida baholab boriladi.

Uchrashuvda IHTT vakillari tomonidan O‘zbekistonning ham mazkur Tashabbusga qo‘shilish taklifi ilgari surildi. O‘zbekistonning ushbu Tashabbusga qo‘shilishi bu sohadagi masalalarni tartibga solishda ekspertlik hamda metodologik ko‘mak ko‘rsatilishiga asos bo‘lishi, shuningdek davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etishda ilg‘or tajribalarni tadbiq etish imkoniyati paydo bo‘lishi qayd etib o‘tildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga xizmat safari Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) nomidan GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) “Samaralidavlat boshqaruvi” dasturining moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati