Brifing

Joriy yilning I choragida “O‘zsuvta’minot” AJning komplayens nazorat boshqarmasi hamda hududiy tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan 94 ta o‘rganish davomida 1 612 ta holatda korrupsiyaviy omillar barvaqt aniqlanib, ular natijasida jami 12,5 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklar bartaraf etildi.

Bu haqda AJning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi boshlig‘i Farhod Boyto'rayev ishtirokida o'tkazilgan brifingda batafsil ma'lumot berildi.

Ta'kidlanishicha, aholi va yuridik iste’molchilardan to‘plangan to‘lovlarning bank hisob raqamiga topshirilmaganligi bo‘yicha 1 097 ta holatda 1,8 mlrd so‘mlik tafovut aniqlanib, ushbu tafovutlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, ishchi-xodimlarga 10 ta holatda 481 mln so‘mlik ish haqi noto‘g‘ri hisoblangani aniqlanib, uni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

17 ta holatda kirimga olinmagan 76,3 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar qaytarildi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun ijrosiga oid o‘rganishlarda tovar-moddiy boyliklar xaridi bilan bog‘liq 825 ta shartnoma hujjati tahlil qilindi. Natijada 27 ta holatda 3,7 mlrd so‘mlik shartnomalardagi kamchiliklar bartaraf etilib, 1,39 mlrd so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.

Shu bilan birga, 72 ta holat bo‘yicha 1,9 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklarning oldi olindi. Bundan tashqari, 6 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanib, ularning 5 tasi belgilangan tartibda bartaraf etildi, 1 tasi esa Odob-axloq komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

O'tkazilgan 94 ta xizmat tekshiruvi natijasida aniqlangan kamchilik va xatolar yuzasidan tizimdagi 12 nafar xodimga nisbatan hayfsan, 5 nafariga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi, 23 nafar xodim esa egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 28 ta holat bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, huquqiy eksperiment doirasida “O‘zsuvta’minot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga o‘tkazilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati