“Boston Globe” muharriri bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati va “Mintaqaviy muloqot”  xalqaro nodavlat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali rahbari P.Goryup hamda AQSHning  “Boston Globe” gazetasi muharriri R.Koen o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan rejalar muhokama qilindi.

Jumladan, unda“Boston Globe” gazetasi  bilan doimiy hamkorlikni  yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy OAV vakillarini gazeta ofisida malaka oshirishini tashkil etish, gazetaning yetakchi jurnalistlari ishtirokida OAV va NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirishga yo‘naltirilgan seminar-treninglarni muntazam davom ettirish takliflari ilgari surildi.

R.Koen “Boston Globe” hamkorligida jurnalistlar bilan muloqot guruhi tashkil etish va bunda ikki davlat tajribasini o‘rganish, Agentlik bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jurnalistik surishtiruv olib borish  bo‘yicha malaka va mahoratni oshirishga qaratilgan uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida ko‘zlangan rejalarni amalga oshirish va  o‘zaro hamkorlikning samaradorligini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati