2024-yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksi eʼlon qilindi

2024-yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksi eʼlon qilindi

Kuni kecha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-154-son Farmoniga muvofiq, 2024-yil yakunlariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi asosida to‘plangan barcha ko‘rsatkichlar atroflicha muhokama qilinib, yakuniy natijalar ko‘rib chiqildi.

Maʼlumot o‘rnida: Indeks 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilib kelinmoqda.  Bu yilgi baholashda jami 98 ta ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 50 ta davlat organi “yashil” (2023 yilda 31 ta), 35 tasi “sariq” (43 ta) va 13 tasi “qizil” (29 ta) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.

Joriy yil baholashda o‘tgan yilga nisbatan “yashil” toifada baholangan davlat idoralari ko‘lami 21 %ga ko‘payib, “qizil” toifadagilar 15 %ga (ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha) kamaygan.

Tahlillar ko‘rsatishicha, bu yil reyting natijalari o‘rtacha 70 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 8 ballga oshgan.

Eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (91 ball), Soliq qo‘mitasi (90 ball), “O‘zavtosanoat” AJ
(89 ball) va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (89 ball) tomonidan ko‘rsatilgan.

Eng yuqori ijobiy o‘sish “Uzbekistan Airways” AJ (+42 ball), Transport nazorati inspeksiyasi (+46 ball), Sport vazirligi (+47 ball), Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (+52 ball) tomonidan qayd etilgan.

Respublika darajasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (32 ball), Gidrometeorologiya xizmati agentligi (45 ball), Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (50 ball) va Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (51 ball) qayd etib, “qizil” toifada baholangan.

2024 -yilda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, sezilarli yutuqlarga erishildi.

Xususan, xorijiy ekspertlar ishtirokida ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarni tizimli o‘qitish va ularga uslubiy ko‘mak berib borish yo‘lga qo‘yilib, o‘tgan yilda o‘tkazilgan 11 ta o‘quv kursida 155 nafar xodimning malakasi oshirildi.

Xalqaro tashkilotlar (YEXHT) ko‘magida davlat xizmatchilarini onlayn rejimda o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” elektron platformasi ishga tushirilib, ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarni ushbu platformada tizimli o‘qitib kelinmoqda.   

Maʼlumot uchun: Platforma 9 ta interaktiv moduldan iborat bo‘lib, har bir modul yakunida tinglovchining bilimi sinovdan o‘tkaziladi. 2024 yilda platforma orqali davlat idoralarining 670 nafar (510 nafar respublika va 160 nafar mahalliy) xodimlari o‘qitilishi  taʼminlanib, ularga  sertifikat taqdim etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 910-son qarori bilan ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatni masofadan monitoring qilish tartibi tasdiqlanib, Nizom asosida uning barcha tartib-taomillari belgilab berildi. Mazkur qaror bilan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning namunaviy shakllari tasdiqlanib, ushbu toifadagi axborotlarni ochiq eʼlon qilish shakliga nisbatan yagona yondashuv yaratildi.

Bu yilgi baholash natijalari asosida ochiqlik tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha zarur choralar izchil davom ettiriladi.

Jumladan, “sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yana-da yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy ko‘maklashiladi.

Qizil” toifada baholanganlariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Rayosati va Oliy Majlis Senati majlislarida ushbu toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti eshitiladi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

 Axborot xizmati