Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarni samarali oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarni samarali oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi


Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida 2023-yilning 27-noyabr kuni qabul qilingan PF-200-son  Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarni samarali oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.  

Unda Agentlik mas’ul xodimlari, Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur Farmon bilan 2023-yil 1-dekabrdan  boshlab Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar soni 40 taga yetkazildi. Yig‘ilishda ushbu ro‘yxatni yanada kengaytirishni ta’minlash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlar, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish amaliyotini tizimli yo‘lga qo‘yish, davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish, qonunchilikdagi jazoni og‘irlashtirish yoki yengillashtirishga oid normalarni qo‘llash jarayonidagi inson omilini bartaraf etish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Muloqot mobaynida Davlat dasturiga asosan Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish  bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasi ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Strategiya loyihasida qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatiga zamonaviy shakl va ish usullarini hamda ilg‘or axborot texnologiyalarini keng joriy etish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda bir qator muhim maqsad va vazifalar belgilanmoqda. 

Yig‘ilishda Milliy strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari, maqsadli ko‘rsatkichlari hamda kutilayotgan natijalar atroflicha muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan Strategiyani yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi. Xususan, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi A.Tashanov, “Madad” NNT direktori Tulkin Tursunov, Mening yurtim telekanali jurnalisti Yulduz Olimovalar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati hamda demokratik institutlar, ommaviy axborot vositalari faolligini oshirish, xalqaro hamkorlar bilan amalga oshiriladigan loyihalarni aniq belgilash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. 

Shuningdek, kengash a’zolari tomonidan 20-yanvarga qadar qo‘shimcha fikr hamda mulohazalar yozma shaklda taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati