BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishi NNTlar tomonidan ilk bor mustaqil monitoring qilindi
O‘zbekistonda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishi ilk bor nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan mustaqil ravishda monitoring qilindi hamda muqobil baholash mexanizmlarini joriy etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, “O‘zbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahliliy markazi tomonidan Konvensiyaning 5-moddasi (korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish siyosati hamda amaliyoti) ijrosi yuzasidan, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan esa 13-moddasi (jamoatchilik ishtiroki) doirasida monitoring ishlari olib borildi. Ushbu monitoring natijalari asosida muqobil hisobotlar tayyorlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilindi.
Mazkur tahliliy materiallarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda mavjud tizim samaradorligi xolis baholandi. Shuningdek, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati